Binyamin Netanyaxu Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanesni Isroilga xiyonat qilishda aybladi, deb yozmoqda “BBC” nashri. Bu bayonot ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tobora taranglashib borayotgan bir paytda yangradi.
– Albanesni tarix zaif siyosatchi sifatida eslab qoladi, -dedi Isroil bosh vaziri kecha qilgan chiqishida.
Avstraliya hukumati bundan bir kun oldin Netanyaxu koalitsiyasidagi o‘ta o‘ng siyosatchi Simxa Rotmanning mamlakatga kirishini taqiqlagan edi. Bunga javoban Isroil hukumati Falastin ma’muriyatida faoliyat yuritayotgan avstraliyalik vakillarning vizalarini bekor qildi.
– Haqiqiy kuch qancha odamni yo‘q qilishingiz yoki och qoldirishingiz bilan o‘lchanmaydi, – dediAvstraliya immigratsiya vaziri Toni Berk ushbu bayonotga munosabat bildirib.
Albanes esa mojaroga diplomatik ohangda yondashib, “boshqa davlat rahbarlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini” aytdi va Netanyaxu tanqidlarini shaxsan qabul qilmasligini bildirdi.
Ma’lumki, Avstraliya shu oy boshida Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini e’lon qildi. Shu tariqa u Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanadadan keyin bu qadamni qo‘ygan navbatdagi G‘arb davlati bo‘ldi.
Musulmon Ziyo, O‘zA