Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Netanyaxu nega sulhni buzdi?
07:53 / 2025-03-20

Seshanba kuni erta tong G‘azo sektori bo‘ylab yuzlab falastinliklar umriga zomin bo‘lgan Isroil hujumi to‘lqini Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning yanvar oyida XAMAS bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan chiqish harakati cho‘qqisiga aylandi.

Urush boshlangandan buyon Netanyaxu turfa, ehtimol bir-biriga mos kelmaydigan bosimlarga duch kelmoqda: garovga olinganlarning oilalari yaqinlari ozod qilinishi uchun XAMAS bilan kelishuvga erishish, o‘ta o‘ng koalitsiyadagi hamkorlari esa jangari guruhni yo‘q qilish uchun urushni davom ettirish tarafdori.

Shu kunlarda u ikkinchisi yo‘lni tanlaganga o‘xshaydi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ham Netanyaxuning o‘zi da’vo qilgan sulhdan bir tomonlama chiqish qarorini qo‘llab-quvvatladi.

Jang jonlanishi XAMASning urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokara boshlanishidan oldin qo‘shimcha garovga olinganlarni ozod qilishdan bosh tortgani bilan izohlanyapti. Isroil dalil keltirmasdan harakatni yangi hujumlar uyushtirishda aybladi. Guruh ayblovni rad etdi.

Isroil zarbasiga hali harbiy javob bermagan XAMAS bir necha hafta davomida kelishuvning ikkinchi bosqichi bo‘yicha jiddiy muzokara o‘tkazish, jumladan ko‘proq falastinlik asirlar evaziga tirik qolgan garovdagilarni qo‘yib yuborish, G‘azodan qo‘shinni to‘liq olib chiqish va davomli o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Kutilgan muloqot fevral oyi boshida o‘tishi kerak edi. Endi umuman bo‘lmasligi ham mumkin.

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi nimani anglatadi?

Yanvar oyida iste’foga chiqqan Bayden ma’muriyati va Tramp boshqaruvi bosimi ostida erishilgan kelishuvning 19 yanvardan 1 martgacha davom etgan birinchi bosqichida XAMAS 25 nafar isroillikni 1800 ga yaqin falastinlik mahbus, jumladan halokatli hujum uchun umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan yuqori martabali jangarilar evaziga ozod qildi. Isroil kuchlari bufer zonaga chekindi, yuz minglab falastinliklar uyiga qaytdi, gumanitar yordam ko‘paydi.

O‘tgan yil iyun oyida televideniyega bergan intervyusida Netanyaxu guruh yo‘q qilinmasa, davomiy sulhga erishib bo‘lmasligini aytgandi:

– XAMASni mahv etish maqsadiga erishish uchun tanaffusdan keyin urushni davom ettirish niyatidamiz. Men bu niyatdan voz kechishga tayyor emasman.

18 yanvar kuni, o‘t ochishni to‘xtatish arafasida esa u “Lozim bo‘lsa, AQSH ko‘magida urushga qaytish huquqini saqlab qolamiz”, dedi.

Netanyaxu sulhni nega rad etdi?

Doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lib, Netanyaxu siyosiy inqirozga uchrashi, deyarli 15 yillik uzluksiz boshqaruv vakolatini boy berishi mumkin.

O‘ta o‘ngpozitsiyachi moliya vaziri Betsalel Smotrich “Agar Netanyaxu hujumni davom ettirish o‘rniga, 2-bosqichga o‘tsa, koalitsiyani tark etaman, deya tahdid qildi. Muxolif partiyalar garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha har qanday kelishuvda Bosh vazirni qo‘llab-quvvatlashga va’da berishdi, ammo baribir koalitsiya jiddiy zaiflashadi. Bu esa barvaqt saylov o‘tkazilishi ehtimolini oshiradi.

Harbiy harakatni tiklash orqali Netanyaxu Smotrichning qo‘llab-quvvatloviga erishdi. Zarbalardan so‘ng u yana bir o‘ta o‘ng qanot sherigi Itamar Ben-Gvirni ham o‘ziga og‘dirdi. Bu guruh yanvarda sulhdan qochgan, lekin seshanba kuni koalitsiyaga qaytdi.

XAMAS Isroilning 15 oylik bombardimoni va quruqlikdagi amaliyotiga chidadi. Mahalliy sog‘liqni saqlash idorasi rasmiylari aytishicha, 48 000 dan ko‘p falastinlik o‘ldirilgan, G‘azoning katta qismi vayron qilingan. O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgach, guruh darhol hukmronligini tikladi.

Urushdan keyin G‘azoni kim boshqarishi masalasida kelishuv yo‘q. Hatto, G‘arb qo‘llab-quvvatlagan Falastin ma’muriyati nomiga boshqaruvni qo‘lga kiritsa ham XAMAS kuchliroq ta’sirga ega bo‘ladi va harbiy salohiyatini tiklab oladi.

Ko‘pgina isroilliklar, ayniqsa Netanyaxuning qirg‘iy bazasi va uning o‘ta o‘ng ittifoqchilari uchun bu mag‘lubiyatga o‘xshaydi.

Netanyaxu sulhni qanday tugatdi?

Birinchi bosqich tugagach, Netanyaxu Isroil AQSHning yangi taklifiga rozi bo‘lganini bildirdi. Ya’ni, XAMAS sulh muddatini yetti haftaga uzaytirish va doimiy sulh bo‘yicha muzokarani boshlash uchun noma’lum va’da evaziga qolgan garovga olinganlarning yarmini ozod qilishi zarur.

XAMAS yanvar oyida kelishilgan taklifdan farqli ekanini aytib, yangi rejani rad etdi va muzokarani ikkinchi bosqichda zudlik bilan davom ettirishga chaqirdi.

Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoff aytishicha, XAMAS ochiqchasiga egiluvchanlikni da’vo qilib, “mutlaqo imkonsiz” talablar qo‘ygan.

Shundan so‘ng Isroil G‘azoga barcha oziq-ovqat, yonilg‘i va boshqa gumanitar yordam yo‘lini to‘sdi. Keyinchalik elektr energiyasini uzib qo‘ydi. Bu  chora juda muhim ob’ekt – tuz tozalash zavodiga ta’sir qildi. Shuningdek, Isroil kelishuvda ko‘rsatilganidek, G‘azo va Misr chegarasidagi strategik yo‘lakdan chiqmasligini aytdi.

Isroil so‘nggi kunlarda G‘azoga hujumni kuchaytirib, portlovchi moddalar qo‘ygan yoki boshqa jangarilik faoliyati bilan shug‘ullangan odamlarni nishonga oldi. Seshanba kuni, taxminan soat 02 da urush boshlangandan beri eng halokatli to‘lqinlardan biri boshlandi.

Tramp sulh haqida nima dedi?

Tramp yanvar oyida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha vositachilik qilgani uchun kredit oldi, ammo o‘shandan beri vaziyatdan norozi. U “Agar XAMAS garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilmasa, jahannam boshlanadi, deya ogohlantirib, bu qaror Isroil zimmasiga tushishi kerakligini qayd etdi.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar G‘azo ustidan nazoratni qo‘lga olishi va hududni sayyohlik maskani sifatida rivojlantirishi uchun 2 millionga yaqin falastinlikni sektordan butunlayko‘chirishni taklif qildi. Rejani Netanyaxu qo‘llab-quvvatladi.Bu xalqaro huquq buzilishi, degan falastinliklar, arab davlatlari va inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar tashabbusni bir ovozdan qoraladi.

Oq uy seshanba kungi zarbalar oldindan maslahatlashgani va bu borada Isroil qarori qo‘llab-quvvatlanganini tasdiqladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA