O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Sog‘liqni saqlash hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ markazlarini qurish loyiha bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilingan edi.
Bugun Moliya vazirligida mazkur loyiha doirasida o‘tkazilgan tender g‘olibini aniqlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy va xalqaro vakillar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda Moliya vaziri Temur Ishmetov, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G‘olib Xoljigitov, Xalqaro moliya korporatsiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer va boshqalar O‘zbekistonda tibbiyot sohasining aynan gemodializ xizmatlarini xalqaro talablar darajasida rivojlantirishda davlat-xususiy sheriklikni jalb qilish yanada samarali ekanini qayd etdi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ markazlarini qurish loyihasi doirasida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida zamonaviy dializ klinikalarini qurish, moliyalashtirish va jihozlash, surunkali buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarga xalqaro sifat stardartlariga asosan gemodializ xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy miqdori 9,7 million AQSH dollarni tashkil etadi. To‘liq xorijiy investitsiya asosidagi ushbu loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 1 ming 100 nafar bemorga sifatli gemodializ xizmatini ko‘rsatish orqali ularning umrini 10-15 yilga uzaytirish imkoni yaratiladi.
Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi ushbu loyiha yuzasidan Moliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining maslahatchisi hisoblanadi. Tenderda Germaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘z klinikalariga ega bo‘lgan 10 dan ortiq yirik xalqaro dializ kompaniyalar va konsorsiumlari ishtirok etdi.
– Joriy yilning 4 dekabr kuni tender komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida loyiha bo‘yicha tanlov hujjatlariga muvofiq moliyaviy takliflariga doir ma’lumotlar e’lon qilindi, – dedi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G‘olib Xoljigitov. – Unda yillik umumiy dializning eng past ko‘rsatkichi Hindistonning “Nephrocare Health Services Pvt.ltd.” kompaniyasi tomonidan taqdim etildi. Bunda bitta gemodializ seansi uchun 503 ming so‘m miqdorida, yillik umumiy qiymati 79,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu kompaniya tender jarayonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Endi tender g‘olibi bo‘lgan kompaniya loyihani amalga oshirish uchun 30 kun ichida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan davlat-xususiy sheriklik bitimini imzolaydi. Qurilish jarayonlari 2021 yilning iyun oyidan boshlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, Hindiston kompaniyasi endi ming nafardan ortiq bemorga hayotiy muhim gemodializ xizmatlarini ko‘rsatish uchun Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida to‘rtta dializ klinikasini moliyalashtiradi va quradi. Ularni jihozlab, o‘qitish ishlarini tashkil etadi.
– Ushbu loyiha nafaqat bemorlarning hayoti sifatini yaxshilashga, balki ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam beradi. Pandemiya dunyo e’tiborini o‘ziga qaratdi, koronavirus bilan kasallanmagan bemorlarga yetarli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, biz O‘zbekiston hukumati sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha DXSH loyihalari tanlovini muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan mamnunmiz. Ushbu DXSH loyihasi surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarni zarur va sifatli davolashga xizmat qiladi, – dedi Xalqaro moliya korporatsiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer.
Ushbu tadbir doirasida Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi XMK bilan O‘zbekistonning uchta mintaqasida saraton kasalliga chalingan bemorlar uchun nurlanish terapiyasini taqdim etadigan kasalxonani moliyalashtirish, qurish, jihozlash, tibbiy xodimlarni ishga qabul qilish va o‘qitish loyihasi bo‘yicha ikkita yangi maslahat shartnomalarini tuzdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri