Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nepaldagi tartibsizlik qanchaga tushdi?
16:19 / 2025-09-12

Kuni kecha Nepalda qator yirik ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangandan keyin hukumatga qarshi boshlangan tartibsizlik mamlakat infratuzilmasiga mislsiz ziyon yetkazdi. Mahalliy portal Shaharsozlik vazirligidagi manbaga tayanib yozishicha, umumiy zarar 1,4 milliard dollardan oshgan.

- Ko‘pchilik binolarni tiklab bo‘lmaydi, zilziladan keyingi holat kabi shunchaki ta’mirlash va qayta ishlatish mumkin emas, - deydi manba. - Qayta barpo etish uchun 200 milliard rupiy (taxminan 1,4 milliard dollar - tahririyat)dan ko‘proq mablag‘ kerak.

O‘tgan hafta oxirida Nepal rasmiylari Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligida belgilangan muddatda ro‘yxatdan o‘ta olmagan qator yirik ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini taqiqladi. Shundan keyin mamlakatda yoshlarning ommaviy norozilik namoyishi boshlanib ketdi. Voqeaga ommaviy axborot vositalari “Z avlod inqilobi”, deya nom berishdi.

Sog‘liqni saqlash va aholi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi tartibsizlik natijasida 34 kishi kasalxonada vafot etgan, mingdan ortiq jabrlangan insonga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hukumat ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan taqiqni bekor qilishiga qaramay, namoyish tinmadi. Olomon Bosh vazir Sharma Olining iste’fosini talab qildi. Seshanba kuni qo‘zg‘olonchilar yetakchining shaxsiy qarorgohiga o‘t qo‘ydi, hukumat majmuasiga bostirib kirdi. Hukmron Nepal Kongressi partiyasi markaziy idorasi va parlament binosiga o‘t qo‘ydi. Oqibat Bosh vazir iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Hukumat a’zolari o‘z turar joyidan vertolyotda evakuatsiya qilingani aytilmoqda.

Seshanba kuni kechqurun nihoyat Qurolli kuchlar Katmandu va mamlakatning boshqa shaharlari ko‘chalarini nazoratga oldi.

S.Rahimov, O‘zA