Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Neonatal skrining bo‘yicha amaliy seminar
10:01 / 2025-04-20

Sirdaryo viloyatida ona va bola salomatligini yanada mustahkamlash, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda irsiy va moddalar almashinuvi bilan bog‘liq kasalliklarni erta aniqlash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida "Neonatal skrining tekshiruvlari uchun qon namunasini to‘g‘ri olish texnikasi" mavzusida amaliy o‘quv- seminar uyushtirildi.

Seminarda viloyatdagi perinatal  markazlar, tug‘ruqxona va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan shifokor-neonatologlar, akusher-ginekologlar va patronaj hamshiralar ishtirok etdi.  

Tadbirning asosiy maqsadi chaqaloqlardan olinadigan qon namunasining to‘g‘ri va xavfsiz usulda olinishi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashdir.

– Neonatal skrining – bu yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ba’zi jiddiy kasalliklarni hali alomatlar namoyon bo‘lishidan avval aniqlash imkonini beradigan muhim profilaktik tadbirdir,– deydi  Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi  ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali direktori, akusher-ginekolog Hanifa Sodiqova. – Qon namunasi noto‘g‘ri olinsa, tahlillar noto‘g‘ri natija berishi, natijada kasallikni aniqlash kechikishi mumkin. Bu esa chaqaloq salomatligi uchun katta xavf tug‘diradi.

Seminar davomida ishtirokchilarga  qon olish jarayonida qo‘llaniladigan maxsus filtr qog‘ozlari, ularni to‘g‘ri namlash, himoyalash, belgilangan muddatda laboratoriyaga yetkazish haqida amaliy ko‘nikmalar berildi. Shuningdek, real holatlar asosida simulyatsiya usulida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri