Ehtirom
Umr atalmish ulkan dovonning saksoninchi faslini yorug‘ yuz bilan qarshilayotgan Muxtorxon Umarxo‘jayev haqida so‘z aytmoq oson emasligini bilaman. Boisi – ilm yo‘lida zahmat chekkan insonlarning hayoti hech qachon ravon, tekis kechmagan. Shu ma’noda ustoz bosib o‘tgan mashaqqatli umr solnomasini bir varaqlab ko‘raylik.
Qadim Andijon shahridagi mahallalardan birida tug‘ilib, voyaga yetgan yigitcha maktabni muvaffaqiyatli tamomlagach, bir dunyo orzular qanotida poytaxtga kelib, sobiq Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti) ga o‘qishga kiradi. Nemis tili bo‘yicha dastlabki oliy ma’lumotni shu dargohda olgan bo‘lsa-da, lekin hali bu saboqlar yetarli emasligini anglab yetgani uchun Moskvaga borishni maqsad qildi. Ilmga chanqoq yosh olimni mashhur sinxronist-tarjimon va tarjimashunos M. Ya. Svilling qo‘llab-quvvatladi. Avvaliga ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Bir muddat yangi ochilgan Andijon tillar institutida faoliyat yuritdi. Baribir, ilmiy salohiyatini oshirish lozimligini tushunib yetdi va yana Moskvaga, endi doktoranturada tahsil olish uchun otlandi.
E’tiborlisi, tilshunoslikning eng murakkab sohalaridan biri bo‘lgan frazeografiya sohasida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini kafolatlaydigan ulkan dissertatsiya ishini professor Yu. N. Karaulov ilmiy rahnamoligida himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Qolaversa, unga saboq bergan Moskva davlat chet tillar institutida faoliyat ko‘rsatgan mashhur olimlardan G. V. Kolshanskiy, A. M. Shaykevich, I. I. Chernыsheva, M. D. Stepanova, A. M. Rayxshtayn, M. Ya. Svilling, L. S. Barxudarov., Yu. V. Rojdestvenskiy kabi dunyo tanigan olimlar nomini ham bugun faxr bilan eslash lozim.
Ochig‘i, Muxtorxon domlaning bosib o‘tgan sharafli hayot yo‘li va ibratli ilmiy faoliyatini yoritish uchun sahifalar yetmaydi. Ammo shunday bir unutilmas va ilmu fanimiz uchun voqelikka aylangan ayrim xayrli ishlari borki, ularni sanab o‘tmasak, ko‘ngil xijil bo‘ladi.
Professorning ilm dunyosida butun bir filologik yo‘nalish – frazeografiya tushunchasi va uning mustaqil fan sifatida tan olinishiga qo‘shgan hissasi xalqaro maydonda ham e’tirof qilinganligi kichkina voqea emas. Yoki unga hozirgi Germaniya Federativ Respublikasining Laypsig universiteti Translotologiya instituti tomonidan Laypsig universiteti faxriy professori unvoni berilganini, 1995 yildan buyon esa Rossiya ijtimoiy va pedagogika fanlari akademiyasining ham haqiqiy a’zosi ekanligi hazilakam maqom emasligini izohlashimiz shart emas.
[gallery-13571]
Yana bir voqea hech esimdan chiqmaydi: men ustoz voyaga yetgan oila ustuni, Muxtorxon akaning padari buzrukvori, rahmatli Eshonxon otaning suhbatlarida bo‘lganman. Ham diniy, ham dunyoviy ilmlari mukammal zot edi u kishi. Naqshbandiya tariqatining mashhur nazariyotchilari va davomchilari bo‘lmish avliyo zotlar Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy va Maxdumi A’zam hazratlari haqida juda ko‘p qimmatli ma’lumotlarni aytib berganlari esimda. O‘shandayoq bilganmanki, Umarxo‘jayevlar sulolasi ma’rifatparvar oila sifatida butun vodiyda ma’lumu mashhur ekan.
Bugun muhtaram ustoz haqida o‘zimning ayrim xotiralarimni eslayapman-u, shu o‘rinda u kishini ko‘pchilik nafaqat tilshunos olim, professor, jamoat arbobi, balki adabiyot, she’riyatning ham chin oshuftasi ekanini ham eslatib qo‘yishim kerak. Negaki uning qalamiga mansub qator she’r va hikoyalar to‘plamlari kitobxonlarga yaxshi tanish. Yana bir sirni ayta qolay: bu Muxtorxon domlaning ajoyib shaxmatchi ekanligidir. Oddiy misol, qadrdon do‘sti O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov bilan ham murosasiz shaxmat donalari surishganini hamon do‘stlari kulib xotirlashadi...
Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardim, olmoniyalik fundamental islomshunos olima Katarina Momzenning “Gyote va islom” degan ilmiy-ommabop asarini ustoz hamkasbi, tajribali pedagog, Andijon davlat chet tillar instituti katta o‘qituvchisi Ibrohimjon Jabborov bilan tarjima qilib, chop ettirgani – alohida mavzu. Dunyo tan olgan daho shoir Gyotening muqaddas islom diniga bo‘lgan munosabati haqida yozilgan bu asar bilan tanishgan o‘quvchining Gyotega mehr-muhabbati, ixlosi ming chandon oshajagiga ishonchim – komil.
Gyotening: “Agar islom degani Allohga ibodat degani bo‘lsa, biz barchamiz islomda tug‘ilganmiz va islomda o‘lajakmiz”, – degan bashorati hamon barchani hayratga soladi. Bu asar tarjimasini ulug‘ shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham yuqori baholab, ehtirom ko‘rsatgani bejiz emas.
Domlaning keyingi yillarda ketma-ket chop ettirgan tilshunoslik, tarjimashunoslik, uslubshunoslik masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlari – alohida ahamiyatga ega. U mamlakatimizda yetuk kadrlar tayyorlashga o‘z munosib hissasini qo‘shib kelyapti. Andijon davlat chet tillar instituti Nemis tili kafedrasi mudiri sifatida muallimlar tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatyapti. Bu borada olimning huzuridagi tilshunoslik bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashga rais sifatidagi faoliyatini ham ta’kidlash – kerak.
Muxtasar aytganda, bugun eslayotganlarimiz filologiya fanlari doktori, professor, “Do‘stlik” ordeni sohibi Muxtorxon Umarxo‘jayevning hayot atalmish kitobidagi ayrim bitiklar, xolos. Hali yana yuzlab, minglab shogirdlari, muxlislari yuragida aytilmagan qancha samimiy niyat, yorug‘ istaklar turibdi.
Asrlarni qaritavering, aziz ustoz!
Xurram Rahimov,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori