Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya 2025 yilning iyul oyi boshida Germaniyaga safarda bo‘lgan edi. Tashrif doirasida viloyat hokimi bir qator kompaniya va provinsiya rahbarlari bilan uchrashib, Farg‘onaning iqtisodiy, sayyohlik salohiyati taqdimoti o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston, qolaversa, Farg‘ona viloyati bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqib qolgan nemis tadbirkorlari yurtimizga kelmoqda. Bu gal viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning “Simson Private Akademie” kompaniyasi rahbari Maks Roymshusselni qabul qildi.


Muloqot chog‘ida viloyat delegatsiyasining Germaniyaga qilgan amaliy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy bosqichiga o‘tish masalalari muhokama qilindi. Bugunga qadar Farg‘onada dastlab koreys tilini muomala darajasida o‘rgatib so‘ng Koreya Respublikasiga ishga yuboradigan o‘quv markazi ochilgan edi. Endi “Simson Private Akademie” kasbiy ta’lim muassasasi dasturlari asosida metallga ishlov berish, elektromexanika va boshqa texnik sohalar bo‘yicha jahon mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislar tayyorlash, xalqaro ISO 9606 sertifikatini berish, shuningdek, ularni Germaniyaga ishga jo‘natish markazi tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Unga qadar Farg‘ona davlat universiteti qoshida yoshlarni nemis tiliga o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA