FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda nemis tili o‘qituvchilarining an’anaviy XVIII anjumani o‘tkazildi. Bu yilgi nufuzli tadbir o‘z maydonida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 230 dan ziyod soha vakilini jamladi.
Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan Shveysariya elchixonasi, Gyote instituti, Germaniyaning xorijdagi maktablar bosh boshqarmasi (ZfA) va Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) hamkorligida tashkil etilgan anjuman zamonaviy metodikalar bo‘yicha o‘qituvchilar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlik doirasida ilg‘or tajriba almashish maqsadiga qaratilgan. Ishtirokchilar ikki kun davomida turli mavzulardagi seminar va mahorat darslarida qatnashib, germaniyalik hamda mahalliy mutaxassislar bilan o‘zaro fikr-mulohazalar almashdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan anjumanning ochilish marosimida Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer, Shveysariya elchixonasi vakillari va mamlakatimiz ta’lim sohasi mas’ullari, nemis tili fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
[gallery-26129]
Ta’kidlaganidek, nemis tili dunyoda eng ko‘p qo‘llaniladigan tillardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ham nemis tili va madaniyatini o‘rganishga qiziqish katta. Bugungi kunda yurtimizda 300 mingdan ziyod kishi olmon tilini o‘rganmoqda, 3 mingga yaqin o‘qituvchi ushbu tildan dars beradi.
– Hamkorlik aloqalarimiz rivoji uchun tilni o‘zlashtirish juda muhim, - deydi Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer. – Nemis tili bilimi va ko‘nikmalari orqali davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘priklari yanada mustahkamlanmoqda. Masalan, turizm sohasida faoliyat yuritmoqchi bo‘lganlar yoki malakali mutaxassis sifatida Germaniyaga borish istagidagilar uchun til bilish muhim ahamiyatga ega. O‘tgan yili Germaniya Federal Kansleri Samarqandga tashrif buyurganida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida muhim bo‘lgan bitim – migratsiya va mobillik sohasidagi hujjat imzolandi. Bu bitimni imzolash orqali bizning ikki tomonlama aloqalarimizni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Anjuman davomida nemis tilini o‘rgatish va o‘rganish bo‘yicha tayyorlangan ma’ruzalar tinglandi. Ushbu tilni o‘qitish, ommalashtirish, ta’lim jarayoniga yangi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni joriy qilish, nemis tili o‘qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
– Tadbirda ustozlar ham metodik, ham konstruktiv malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldi, - deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shahlo Temirova. – Shuni ta’kidlash kerak, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab maktablarda ikkita xorijiy tilni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Jarayonda aynan nemis tilini ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitish amaliyotini keng yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, nemis tili asosiy xorijiy til sifatida o‘qitiladigan maktablar sonini oshirishga ham e’tibor qaratilgan. Hozirda mingdan ortiq maktabda nemis tili asosiy xorijiy til sifatida hamda yuzdan ortiq maktabda ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitilmoqda.
Anjuman mamlakatimizda xorijiy tillar, xususan nemis tilini o‘qitish va o‘rganish sifatini oshirish, o‘qituvchilarning malakasini yuksaltirish hamda ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etishda muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar yosh avlodning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi, dunyoqarashini kengaytirishi hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga albatta, hissa qo‘shadi.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA