Nemis siyosatchilari o‘z tashqi ko‘rinishi uchun qancha mablag‘ sarflaydi? OAV bu mavzuni bir necha bor ko‘targan. Joriy yil ham istisno bo‘lmadi. Bu galgi misollar suratkash xizmati bilan bog‘liq.
Noyabr oyi o‘rtalarida nemis nashrlari siyosatchilar fotograflarga qancha mablag‘ sarflagani haqida yozdi.
Ma’lum qilinishicha, bunday xarajatlar har yili o‘zgarib turgan. SOVID-19 pandemiyasi davrida ko‘plab tadbirlar kechiktirilgan. Keyin sarf oshgan. Masalan, pandemiyaning birinchi yili fotograflarga oyiga o‘rtacha 4360 yevro sarflangan, 2022 yilga kelib bu raqam 19 230 yevroga ko‘tarilgan, 2023 yil 33 000 yevroga yaqinlashgan. O‘tgan yilgi xarajat sezilarli darajada kamayib, taxminan 20 000yevroni tashkil qildi. Joriy yil esa bu summa sentyabr oxiriga qadar 19 000 yevroga yetgan.
Sobiq Kansler Olaf Shols ham fotograf xizmati uchun ko‘p mablag‘ sarflagan. 2022 yil Germaniya yetakchisi sifatida u vizajist xizmati uchun 40 000 yevro to‘lagan. Agar fotograf haqi ham qo‘shilsa, umumiy miqdor yarim million yevroga yetadi.
Nemis nashrlari avgust oyi oxirida amaldorlar imiji xarajatini hisoblab chiqdi. 17 noyabrda “Der Spiegel”yangi Kansler Fridrix Mersning soch turmagi uchun 12 000 yevro ajratilgani haqida maqola chiqardi.
Nima uchun Mersning stilist va vizajistga qilgan xarajati OAVga chiqdi? U 2025 yil 6 mayda lavozimga o‘tirgandan beri kosmetolog, stilist, vizajist va sartaroshga jami 12 500 yevro sarflagan.
“Shaxsiy xizmat” xarajati haqidagi so‘rov bu yil ham Germaniyadagi muxolif partiya tomonidan berilgan.
Bunday so‘rov o‘tkazish parlament fraksiyalarining odatiy amaliyoti. Bundestag deputatlari Germaniya hukumatidan ma’lumot so‘rash huquqiga ega.
Muxolif partiya vakillari siyosatchilarning joriy xarajati bilan qiziqarkan, sobiq tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok stilist va vizajistga juda ko‘p pul berishini ham eslatgan. DW yozishicha, Berbok mamlakat ichi va tashqarisidagi safarlari davomida shaxsiy vizajistini hamroh qilgan. 2022 yil u ayni xizmat uchun davlat g‘aznasidan 136 552 yevro olgan.
Hozirgi iqtisodiy ishlar vaziri Katerina Rayxeni ham vizajist kuzatib yuradi. Binobarin, uning sarfi Berboknikidan ancha kam. 2025 yil may oyida lavozimga kirishganidan keyingi uch oyda Rayxe vizajistga taxminan 19 300 yevro to‘lagan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7OX17JYtNhQ" title="Nemis siyosatchilari tashqi ko`rinish uchun qancha sarflaydi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA