Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nemis milliy madaniy markazi 30 yoshda
18:56 / 2025-07-18

Buxorodagi “Wiedergeburt” O‘zbekiston nemis milliy madaniy markazi viloyat bo‘limining tashkil topganiga 30 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan markaz tomonidan do‘stlik va birodarlik kechasi tashkil etildi.

Tadbir yana bir karra viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarini bir davra atrofida birlashtirdi. Do‘stlik va birodarlik, qardoshlik aloqalarining chin ma’nodagi namunasi bo‘lgan tadbir davomida milliy madaniy markazlar o‘zlari hozirlab kelgan chiqishlari bilan nemis millatiga mansub hamyurtlarimizni qutlashdi. Shundan so‘ng, nemis milliy madaniy markazi tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi va unda yoshlar ijrosidagi nemis milliy kuy qo‘shiqlari, raqslari o‘rin oldi. 

[gallery-24376]

Tadbirda ishtirok etgan mehmonlar ham o‘z o‘rnida mamlakatimizda xalqlar va millatlararo do‘stlik va ittifoqchilik aloqalarining ko‘p yillik tarixiy ildizlari, bugungi kunda O‘zbekistonda istiqomat qilib kelayotgan turli millat vakillariga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari haqida to‘xtalib bu yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning asosini tashkil etishi ta’kidlandi.

– Viloyatda 12 ta milliy madaniy markazlar faoliyat olib bormoqda. Buxoroda esa 40 ga yaqin millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Bugungi tinch, osoyishta yurtda barcha millat va elat vakillari birga umrguzaronlik qilib kelmoqda. Yurtimizga bayramlar yarashadi. Bugun esa mana shu markazimizning 30 yilligini do‘stlarimiz bilan birga ahil, inoq o‘tkazdik, – deydi viloyat bo‘limi rahbari Lubat Shtirsenbexer. 

Nemis milliy madaniy markazi rahbariyati uzoq yillar davomida ularga ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan xomiy tashkilotlar, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va viloyat, shahar hokimligi vakillariga chuqur minnatdorlik bildirdi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.