Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nemis harbiylari Ukrainaga jo‘natilishi mumkin (+video)
16:41 / 2025-08-21

Agar Moskva va Kiyev otashkesim haqida kelishuvga erishsa, Germaniya qurolli kuchlari harbiylarini Ukrainaga tinchlikni ta’minlash maqsadida yuborishi mumkin.

Bu haqda GFR parlamenti — Bundestagning mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Tomas Ryovekamp ma’lum qildi. Biroq Germaniyadagi bir qator siyosatchilar bu tashabbusga qarshi chiqishmoqda, - deb xabar berdi DW agentligi.

Ryovekamp mamlakat qurolli kuchlari Ukraina armiyasini logistika, harbiylarni o‘qitish va havo mudofaasi sohasida qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ta’kidlagan. Uning fikricha, Bundesverda Ukrainada uzoq muddatli tinchlikni ta’minlay oladigan harbiy imkoniyatlar mavjud.

U shuningdek, tinchlik kelishuvida eng muhim jihat – xavfsizlik kafolatlari ekanini ma’lum qildi. 

– Yevropa va AQSH Ukrainaga harbiy himoya bilan bog‘liq kafolatlarni berishi kerak, -dedi u. – Agar Rossiya yana harbiy harakatlarni boshlasa, Yevropa Qo‘shma Shtatlar bilan birgalikda himoyaga tayyor turishi lozim.

Boshqa tomondan, Saksoniya bosh vaziri Mixael Krechmer Germaniya harbiylarining Ukrainaga jo‘natilishini qoralab chiqdi.

Krechmerning fikricha, GFR Ukraina xavfsizligini ta’minlash imkoniyatiga ega emas, chunki Bundesverda buning uchun yetarli salohiyat yo‘q. U Yevropa xavfsizligi uchun AQSH bilan mustahkam hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligini aytdi.

Krechmer va Ryovekamp har ikkisi ham bir partiya a’zosi bo‘lib, bu partiya hozirgi Germaniya hukumatida yetakchilik qilmoqda. Hukumat koalitsiyasining boshqa a’zosi — Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi ham Bundesverning Ukrainada xavfsizlikni ta’minlashda ishtirok etishi mumkinligi borasida shubha bildirgan.

GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius Berlinning Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari borasidagi ishtiroki hali ham muhokamada ekanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga nemis askarlarining jo‘natilishi bo‘lajak muzokaralarga, qolaversa, xavfsizlik kafolatlari masalasida AQSH va Yevropadagi boshqa hamkorlarning qanday qaror qabul qilishlariga bog‘liq.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/m5KesJfsLqM" title="Nemis harbiylari Ukrainaga jo‘natilishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

                                                                      K.Bekjonov, O‘zA