Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nemis fermerlari hukumatdan nega norozi?
11:49 / 2024-01-05

Nemis fermerlari bir oydan ortiq vaqtdan beri hukumatning qishloq xo‘jaligi uchun subsidiyalarni qisqartirish rejalariga qarshi norozilik bildirishmoqda. Norozilik namoyishiga chiqqan  yuzdan ortiq fermer bortida Germaniya vitse-kansleri, Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vaziri Robert Xabek bo‘lgan kemani to‘sib qo‘yishga uringan. Robert Xabek ta’tildan kemada qaytayotgan bo‘lgan, biroq kemani g‘azablangan fermerlar kutib olishgan va uchrashishni talab qilishgan.

Xabekning matbuot kotibi bergan ma’lumotga ko‘ra, vazir namoyishchilar bilan gaplashishga mamnuniyat bilan rozi bo‘lgan, ammo xavfsizlik nuqtai nazaridan fermerlarning vakillari bilan uchrashmoqchi bo‘lgan, lekin fermerlar bunga ko‘nishmagan. So‘ng fermerlarni tarqatish uchun politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanishga majbur bo‘lgan. Nemis fermerlari dekabr oyidan buyon hukumatning qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini qisqartirish niyatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirmoqda.

Byudjetni tejash doirasida fermerlar 2024 yilda dizel yoqilg‘isi bo‘yicha chegirmalar va soliq imtiyozlaridan mahrum bo‘lishlari kerak edi. Germaniya Moliya vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu chora har yili byudjetni 480 million yevro tejashga yordam beradi. 18 dekabr kuni Berlindagi Brandenburg darvozasida keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 4 yanvar kuni Germaniya Vazirlar Mahkamasi o‘z rejalarini o‘zgartirganini ma’lum qildi. Bu yanvar oyida rejalashtirilgan yangi namoyishlarni to‘xtatadimi yoki yo‘qmi noma’lum. Ammo nemis siyosatchilari fermerlarning  bu harakatlarini qoralamoqda.

«Bunday harkatlar sharmandali va demokratik jamiyat qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi», - dedi Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt. 

“Bu harakat tinch namoyishlar o‘tkazayotgan ko‘plab fermerlarni obro‘sizlantiradi”, - dedi Adliya vaziri Marko Bushman. 

“Qayerda bahslar zo‘ravonlik bilan almashtirilsa, demokratiya chegaralarini buzadi”, - deb yozadi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘z postida.