Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan birifingda “O‘zbekko‘mir” AJ axborot xizmati rahbari Ne’mat Dushayev 2025/2026-yillar kuz-qish mavsumi uchun aholini mahalliy ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash ishlarining borishi yuzasidan ma’lumot berdi.
Unda qayd etilishicha, joriy yilning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan aholi va byudjet tashkilotlarini arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mir bilan ta’minlash ishlari izchil davom etmoqda.
Ne’mat Dushayevning so‘zlariga ko‘ra, jamiyatda bu yil 6,8 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, 21 oktyabr holatiga 5 million 568 ming tonna qazib olingan. Aholi va byudjet tashkilotlariga 2 million 128,1 ming tonna mahsulotni yetkazib berish rejalashtirilgan.
–Bugungi kun holatiga byudjet tashkilotlariga yetkazib berilgan ko‘mir mahsuloti miqdori 651,1 ming tonnaga yetkazilib, reja bajarildi. Respublika aholisi ehtiyojlari uchun 1 million 405 ming tonna mahalliy ko‘mir ajratilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 210 ming tonnaga ko‘pdir. 21 oktyabr holatiga aholiga yetkazib berilgan mahalliy ko‘mir mahsuloti miqdori 343,9 ming tonnadan ortdi. Oktyabr oyi boshidan buyon yetkazib berilgan mahsulot hajmi 232 ming tonnadan oshdi. Mahalliy yoqilg‘i “Ko‘mir ta’minot” MCHJga qarashli 103 ta hududiy ombor orqali tarqatilmoqda.
“O‘zbekko‘mir” AJda mahsulotning asosiy qismi ochiq usulda qazib olinadi. Angren ko‘mirining inkubatsion davri qisqa - o‘rtacha 1,5-2 oy bo‘lgani sababli aholi uchun mo‘ljallangan tayyor mahsulot asosan sentyabr-oktyabr oylarida ortib yuboriladi. Tarqatish jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 sentyabrdagi 551-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Respublika aholisini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi nizom” talablari asosida olib boriladi. Hududiy omborlarda mahsulot taqsimoti Mycoal.uz elektron platformasidagi ro‘yxat va mahalliy hokimliklar tasdiqlagan mahalla kesimidagi jadval asosida amalga oshiriladi, – dedi N.Dushayev.
Tadbirda ta’kidlanganidek, omborlarda ko‘mir faqat elektron ro‘yxatda mavjud shaxslarga sotiladi. Har bir oilaga taqsimot hudud iqlimiga qarab 1-2 tonna miqdorda belgilangan. Xaridorlar ko‘mirni sotib olayotganida sifat guvohnomasini talab qilish huquqiga ega. “Ko‘mir ta’minot” MCHJ hududiy omborlarida aholi tomonidan xarid qilingan mahsulot omborga tegishli avtoyuklagichlarda bepul yuklab beriladi.
Axborot xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, bugungi kunda mahalliy ko‘mir zaxirasi yetarli. Jamiyatda kuniga rejadagi 21 ming tonnadan oshirib ko‘mir qazib olinmoqda va aholi uchun sutkasiga 10 ming tonnadan oshirib mahsulot yuborilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA