O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminovning “Tanlangan asarlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan adibning “Yolg‘onchi farishtalar” romani, “Bir asr hikoyati” qissasi, o‘nlab sara hikoyalari, qator hajviya va fel’etonlari joy olgan.
Ne’mat Aminov, ta’bir joiz bo‘lsa, omadli – o‘zining dastlabki hikoya va hajviyalari bilan adabiyot ixlosmandlari olqishiga sazovor bo‘lgan yozuvchi. O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad yozuvchining “Yolg‘onchi farishtalar”ini o‘qib, “Ne’mat Aminov o‘zbek adabiyotida birinchilardan bo‘lib hajviy roman yaratdi” deya e’tirof etgan edi.
Ne’mat Aminov asarlari qahramonlarining ko‘ngilga yaqinligining boisi nimada? Adib nomi tilga olinishi bilan u kishini asarlari bilan tanish o‘quvchilar ko‘zlarida, yuzlarida aks etadigan samimiylik-chi, u – nimadan?..
Yozuvchi asarlariga kuch bergan omil, bu avvalo, adibning o‘zi yashagan muhit hayotini yaxshi bilishida, o‘z qahramonlari hayoti, urf-odatlarini shu asosda tasvirlashida.
Ne’mat Aminov har bir asarida, xoh u oddiy hajviya, xoh hikoya bo‘lsin, xoh qissa, roman bo‘lsin hayot haqiqatlarini o‘zi yaxshi bilgan, o‘quvchi yaxshi qabul qiladigan yumor, kulguga o‘rab tasvirlaydi. Uning qahramonlari osmondan tushmagan, siz va biz bilgan odamlar, ammo har birida o‘ziga xos xarakter bor. Yozuvchi qahramonlarini o‘zigagina xos bo‘lgan holatlari bilan beozor, samimiy tasvirlaydi, ularning jinsiga, ma’lumotiga, yoshiga, kasbi-koriga bog‘liq sifatlarni aniq bo‘yoqlarda ko‘rsata oladi. Bu esa obrazning yorqinligiga, kitobxon xotirasida uzoq saqlanib qolishiga sabab bo‘ladi.
Adib asarlarining yana bir muhim jihati, bu shubhasiz, uning tili – asarga Buxoro koloritining aks etishi, adib tomonidan Buxoro shevasini mohirona tasvirlanishidir.
– Ne’mat Aminov uzoq yillar xalq hayotini chuqur o‘rgandi, ustozlaridan puxta saboq oldi. Eng muhim esa ko‘p yillik ijodiy izlanishlar tufayli boy tajriba orttirdi. U nimani yozish kerakligini biladigina emas, nimani yozmaslik kerakligini ham biladi” deb yozgan edi adib haqida atoqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov.
Ne’mat Aminovning “Tanlangan asarlar”ini, albatta, o‘qing. Ko‘nglingiz yorishib, ruhingiz quvvat oladi.
A.Narzulloyev, O‘zA