Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nelson Mandela – ozodlik uchun kurash timsoli
16:44 / 2020-07-18

18-iyul – Xalqaro Nelson Mandela kuni.

2009-yilning noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Nelson Mandela tugʻilgan 18-iyulni, Janubiy Afrika sobiq prezidentining tinchlik va zodlik ishiga qoʻshgan beqiyos va ulkan hissasini eʼtirof etgan holda, Xalqaro Nelson Mandela kuni deb eʼlon qildi. Shundan buyon butun dunyo tinchliksevar jamoatchiligi BMT shafeligida ushbu kunni nishonlab keladi.

Insoniyat etarixidagi ng mashhur davlat va siyosat arboblaridan biri, 1994‑1999-yillarda Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti boʻlgan Nelson Mandela1918-yilning aynan shu kuni, 18-iyulida JAR Sharqiy Kap provinsiyasiga qarashli Umtata shahri yaqinida tavallud topgan.

Uning katta bobosi tembu qabilasi dohiysi boʻlib, dahoning oʻgʻillaridan biri Mandela aynan Nelsonning buvasi edi. Yillar oʻtib yer yuziga dong taratgan familiya shu nomdan kelib chiqqan. Tugʻilganda goʻdakka lugʻaviy tarjimasi “daraxt shoxlarini sindiruvchi” maʼnosini anglatuvchi Rolixlaxla nomini berishgan. Bu ism mahalliy tilda “tinmas”, “qoʻzgʻovchi”, “oromni buzuvchi” mazmunida keladi. Oʻsha paytlar maktabda afrikalik oʻquvchilarga mustamlakachi davlat – Angliyadan kelgan oʻqituvchilar talaffuz qilishi oson boʻlishi uchun inglizcha ismlar qoʻyish odat tusiga kirgan edi. Shu tariqa Mandelani britaniyalik admiral sharafiga Nelson, deb chaqira boshladilar.

Nelson Mandela avvaliga “Fort Hare” kollejida oʻqiy boshladi, ammo bu yerdan 1940-yil talabalar namoyishida qatnashgani uchun haydaldi. Soʻng Yoxannesburgda konda qorovul, adliya kontorasida xizmatchi boʻlib ishladi.

1.jpg

1943-yildan Nelson Vitvatersrand universitetida huquq yoʻnalishi boʻyicha tahsil ola boshladi. Ushbu taʼlim maskanida 1948-yilgacha oʻqigan boʻlsa-da, baribir huquqshunos diplomini ololmadi. Keyinroq London universitetiga kirdi, afsuski bu gal ham yigitga oliy oʻquv yurtini tugatish nasib etmadi. Mandela faqat 1989-yilga kelibgina, qamoqdan chiqishiga bir necha oy qolganda huquq boʻyicha bakalavr darajasini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. Ha, u turmada oʻtirib, Janubiy Afrika universitetini sirtdan bitirdi.

1944-yil Nelson Mandela Afrika milliy kongressi (AMK) Yoshlar ligasi tarkibiga qoʻshildi va tez orada tashkilot yetakchilari safiga kirib oldi. 1950-yilga kelib u Afrika janubida aparteid (irqiy kamsitilishning eng ashaddiy koʻrinishi) tuzumiga qarshi eng faol kurashchilardan biriga aylandi. Oʻsha davrdayoq Nelsonni politsiya bir necha bor hibsga olgan.

1953-yil oxirlarida JAR hukumati Mandelaga ommaviy tadbirlarda soʻzga chiqishni 2 yilga man etdi va keyinchalik ushbu taqiqni yana 5 yilga choʻzdi. 1956-yili Nelson Mandela davlatga xiyonat qilishda ayblandi va 1961-yilda oqlandi.

1960-yil Mandela AMK yetakchiligini qoʻlga oldi.

Sharpevil shahrida 1960-yil yuz bergan tartibsizliklar natijasida 67 nafar Afrika fuqarosi halok boʻldi va shundan keyin hukumat AMK faoliyatini taqiqlab qoʻydi. Tabiiyki, Mandela harakatni nolegal tarzda davom ettira boshladi. 1961-yil iyunda Afrika milliy kongressi yetakchilari aparteidga qarshi kurashning qurolli yoʻlini tanlashga majbur boʻldilar. Mandel boshchiligida AMK harbiy tashkiloti tuzildi. 1964-yil iyunda u JAR xavfsizlik xizmati organlari tomonidan qoʻlga olindi va bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Aynan turmada oʻtirgan davri Nelson Mandelani butun dunyoga tanitdi. Janubiy Afrika va boshqa qator davlatlarda uni ozod qilishga boʻlgan harakatlar avj olib ketdi. Mashhur inqilobchi 18 yil, 1964‑1982-yillar mobaynida Robbon orolida qamalib oʻtirdi, 1982-yil esa uni Keyptaundagi qamoqxonaga koʻchirishdi. Bu yerda 6 yil oʻtirgach, sil kasalligiga uchragan mahbusni gospitalga olishdi. 1985-yil Nelson Mandela JAR prezidenti Piter Botning hibsdan ozod etish evaziga siyosiy kurashni bas qilish toʻgʻrisidagi fikrini qatʼiyan rad etdi.

1990-yilga kelib aparteid tizimi uzil-kesil inqirozga uchradi va Mandela ozod qilindi. 1991-yil u yana AMKni boshqara boshladi.

1993-yil Nelson Mandela va JAR prezidenti Frederik de Klerk aparteid tizimini yoʻq qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun tinchlik yoʻnalishi boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlishdi.

1994-yil Janubiy Afrikada ilk bor, asosan, mahalliy xalq – afrikaliklar ishtirokida umummilliy saylovlar boʻlib oʻtdi. Natijada Nelson Mandela mamlakat tarixidagi dastlabki qora tanli prezident sifatida JAR boshqaruvini qoʻlga oldi.

2.jpg

1996-yil uning rahbarligida Janubiy Afrika Respublikasining yangi konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Mazkur hujjat irqiy kelib chiqishi, jinsi, diniy qarashlari va boshqa jihatlaridan qatʼi nazar barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni taqdim etdi.

Mandela 1997-yilning dekabrida, garchi prezidentlikni saqlab qolgan boʻlsa-da, AMK rahbari lavozimini topshirdi. 1999-yilgi saylovlarda esa oʻz nomzodini JAR prezidentligiga qoʻymadi.

Shu tariqa davlat boshqaruvi va siyosatdan chekingan Mandela keyingi hayotini butunlay jamoat ishlariga bagʻishladi.

Nelson Mandela 1965-yilda yozilgan “Ozodlik sari oson yoʻl boʻlmaydi”, 1979-yilda chop etilgan “Men oʻlishga tayyorman” singari mashhur kitoblar muallifidir.

Ushbu nomdor siyosatchi SSSR, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston singari koʻplab qudratli mamlakatlar hukumati tomonidan davlat mukofotiga loyiq koʻrilgan.

Nelson Mandela 2011-yilda “Reputation Institute” kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqot natijasida aniqlangan benuqson obroʻ-eʼtiborga ega davlat rahbarlari reytingida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Taʼkidlash joiz, mazkur soʻrovda yer yuzining 25 mamlakatdan 50 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan edi.

Nelson Mandela uch bor turmush qurgan. Birinchi rafiqasi Evelin (1922‑2004) bilan u 1944 - 1958-yillarda yashagan. Bu nikohdan toʻrt farzand — ikki oʻgʻil, ikki qiz tugʻilgan. Oʻgʻillardan biri bolaligidayoq vafot etgan. Nelson ikkinchi bor Vinni (1934-yil tugʻilgan) ismli ayol bilan nikohni rasmiylashtirib, 1958-yildan 1996-yilgacha birga umr kechirgan. Ularning ikki qizi bor.

Uchinchi marta Mandela 1998-yil avia halokatda nobud boʻlgan Mozambik prezidenti Samora Mashelning bevasi Grase Mashel (1945)ga uylangan.

3.jpg

Ayni payt Mandelaning avvalgi ikki rafiqasidan uch qizi, nevara, evaralari hayot.

2012-yil iyulda Nelson Mandelaning qizi Zenani Mandela‑Dlamini JARning Argentinadagi elchisi etib tayinlangan.

JAR sobiq prezidenti Nelson Mandela 95 yoshida hayotdan koʻz yumdi.

Internet materiallari asosida tayyorlandi.