French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nega xalqimiz oliy ta’lim muassasalariga emas, firibgarlarga ishonib qolyapti?
11:43 / 2021-08-17

Davlat xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida davlat organlari va tashkilotlarining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bugungi kuning muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda muhim islohotlar amalga oshirilganligiga qaramay ayrim o‘rinlarda firibgarlik holatlari uchramoqda. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda (https://uza.uz/uz/posts/) huquqni muhofaza organlar xodimlari tomonidan bir qator firibgarlik holatlariga chek qo‘yilganligi ma’lum qilindi. Bir necha «tashabbuskor»lar respublikamizning va xorijiy davlatning ayrim oliy o‘quv yurtlariga, shu jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filiali, Qirg‘iziston Respublikasi universitetlardan birining iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilishgan. Fuqarolar ishonchidan foydalanib, katta miqdorda chet el valyutasini qo‘lga kiritganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Afsuski,  bu kabi holatlar hayotimizda hali-hanuz uchrab kelmoqda.

Aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etiladigan firibgarlik jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Firibgarlik jinoyati aksariyat hollarda fuqarolarning noo‘rin istaklari natijasida sodir etiladi. Jabrlanuvchi shaxs firibgarga nisbatan o‘ta ishonch bildiradi, ko‘zlangan maqsadiga aylanma, noqonuniy yo‘l orqali erishishni xohlaydi va natijada o‘zlarining aldanib qolganliklarini sezmay qoladi.

Xalqimiz davlat tizimiga, oliy ta’lim muassasalariga emas, balki firibgarlarga ishonib qolayotganligi ham ayni haqiqat. Chunki oliy o‘quv yurtlariga farzandini noqonuniy yo‘l bilan kiritishni maqsad qilgan ota-onalar katta hajmdagi pullarni firibgarga berishsa, ish tezroq hal bo‘ladi deb o‘ylaydi.

Eslatib o‘tish joizki, davlatimiz tomonidan oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish jarayonlarida shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, abituriyentlarning hujjat topshirish Davlat test markazi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimi yaratilib, hujjatlarni uydan turib topshirish mumkinligi, test sinovlarni o‘tkazish tartibi soddalashtirilgan bo‘lib, test sinovlari ochiq stadion va xiyobonlarda o‘tkazilishi belgilandi. Bundan tashqari, axborot texnologiya moslamalar orqali har bir abituriyent test topshirish natijalari yuzasidan onlayn tarzda xabardor bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar uchun davlat tomonidan qonuniy tartibda tabaqalashtirilgan kontrakt narxlari rasmiy e’lon qilinib, ularni to‘lash orqali oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyati ham tartibga solindi. Ayrim «tashabbuskor» shaxslarning noqonuniy harakatlari yuqoridagi sanab o‘tilgan imkoniyatlarga soya solmasligi zarur.

Unutmang, noqonuniy harakatlanayotganlarga qarshi birgalikda kurashish orqali sog‘lom va raqobatbardosh kadrlarni saralab olinishga birdek mas’ulmiz.

 

D.Suyunova,Toshkent davlat yuridik universiteti

Jinoyat-protsessual kafedrasi

professori