Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nega korrupsiyaviy jinoyatlar dinamikasi oshmoqda?
14:16 / 2025-09-16

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza qizg‘in muhokama va savol-javoblarga boy bo‘ldi. Deputatlar Agentlik direktoriga dolzarb masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar.

Muhammadjon Valiyev, Qonunchilik palatasi deputati:  

— Korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar dinamikasi oshib bormoqda. Masalan, 2022 yilda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar 2 ming 164 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda esa 7 ming 354 nafarni tashkil etgan. Nega korrupsiyaga oid jinoyatlar soni ko‘paymoqda? Agentlik buning sabablarini tahlil qilganmi va qanday choralar ko‘rilmoqda?

Akmal Burxonov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori:

—  Korrupsiya — aniqlanishiga bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar sirasiga kiradi. 2020 yilda 16 ta jinoyat korrupsiyaviy jinoyatlar qatoriga kiritilgan va shundan buyon korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasi yuritib kelinmoqda.  

Oxirgi 5 yil davomida raqamlashtirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilining kamaytirilgani natijasida aynan korrupsiya omili yuqori bo‘lgan o‘rinlarda korrupsiya holatlari keskin kamaydi. Masalan, oliy ta’lim yoki xizmat ko‘rsatish sohalarida korrupsiya ancha kamaydi. 

Yana bir jihat: so‘nggi yillarda Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratish oshib borayotgani bois aynan o‘zlashtirish va rastrata orqali talon-toroj qilish jinoyatlari keskin oshayotganini ko‘rish mumkin. Masalan, o‘tgan yilgi 7 ming 354 nafar korrupsiyaviy jinoyatchilarning qariyb 4,5 mingi aynan o‘zlashtirish va talon-torojliklar bilan bog‘liq. Oddiy subsidiyalar ajratish, imtiyozli kreditlar berish borasidagi jarayonlarda yoki boshqa holatlarda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan. Bu borada 200 dan ortiq hokim yordamchisi javobgarlikka tortilgan.  

Bu kabi korrupsiyaga oid jinoyatlarni bartaraf etish va ularning oldini olish doimiy vazifamiz bo‘lib qoladi, — dedi Agentlik direktori.

Muhtarama Komilova,

O‘zA