Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nega keksalar iqtisodiy faoliyatga juda kam jalb qilingan?
16:43 / 2023-12-21

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari, milliy mustaqil ekspertlar, Moldova Iqtisodiy tadqiqotlar milliy instituti demograf va sotsiologlari tomonidan O‘zbekistonda 55 yosh va undan katta yoshdagi aholining ahvoli to‘g‘risida ob’ektiv ma’lumot olish, ularning asosiy ehtiyojini aniqlash hamda faol qarish bo‘yicha yaxlit siyosatni shakllantirish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqot o‘tkazildi.

Tadqiqot intervyu metodi orqali amalga oshirildi. Respondentlarni tanlab olishda hudud, jins, yosh va turar joy (shahar/tuman) to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar reprezentativlik asosi sifatida olindi.  

Tanlanma hajmi respublikaning Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida istiqomat qiladigan 3 ming 17 nafar respondentni, jumladan, (55-59 yosh, 60-64 yosh, 65-69 yosh, 70-74 yosh, 75-79 yosh, 80-84 yosh va 80 va undan katta yosh), 1 ming 366 nafar erkak va 1 ming 453 nafar ayollarni qamrab oldi. Tanlamaning reprezentativligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlaridan foydalanildi.  

Tadqiqot dasturidan kelib chiqqan 35 ta savoldan, jumladan, 19 ta yopiq, 6 ta yarim ochiq, 2 ta ochiq va 8 ta jadvalli savoldan iborat so‘rov varaqasi shakllantirildi. So‘rov varaqasi keksalarning bandligi, ijtimoiy hayotdagi ishtiroki, mustaqil, sog‘lom va xavfsiz hayot hamda  faol qarish uchun qulay muhit va sharoitga doir savollarni o‘z ichiga oldi. Tadqiqot natijalari keksa kishilar iqtisodiy faoliyatga juda kam jalb qilinganligini ko‘rsatdi.  

Tadqiqotda jalb etilganlarning bor-yo‘g‘i 11,2 foizi haq to‘lanadigan mehnat bilan shug‘ullanishadi. Bunday faoliyat bilan eng ko‘p shug‘ullanadigan keksalar Andijon viloyatida (21,0%) qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Buxoro viloyati (6,0%) va Toshkent shahrida (2,0%) qayd etildi. Haq to‘lanadigan iqtisodiy faoliyatda ishtirok etadigan keksalarning 67,9 foizini erkak, 32,1 foizini ayollar tashkil etdi. Shu bilan birga, 4,0 foiz keksalar haq to‘lanadigan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi.    

Tahlillarga ko‘ra, keksalarning ko‘pchiligi boshqa qariyalar, yoshlar yoki muhtojlarga yordam beradi. Faqat har o‘ninchi keksa kishi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ijtimoiy harakatlarda yoki xayriya faoliyatida, faqat 5 foiz keksalar esa ta’lim, madaniyat, sportga oid faoliyatda ishtirok etadi.  

Keksa odamlar qonun loyihalarini ommaviy muhokama qilishda (36,4%) va kasaba uyushmalari yig‘ilishlarida (35,5%) ko‘proq qatnashadi, eng kam ishtirok etish esa siyosatchi yoki davlat amaldoriga ijtimoiy muammolar yuzasidan ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish (16,3%) da namoyon bo‘ldi.    

Keksa kishilarning 36,3 foizi surunkali kasalliklardan aziyat chekishi aniqlandi. Ayollar (41,2%) erkaklarga qaraganda (30,3%) ko‘proq surunkali kasalliklarga ega ekanligini ta’kidlashdi. Surunkali kasalliklari bo‘lgan keksa ayollarning ulushi erkaklarnikiga qaraganda 10% ga yuqori.   Shahar/qishloq nisbati bo‘yicha qishloqda istiqomat qiladigan keksalar (41,0%) shaharliklarga (32,2%) nisbatan qariyb 10% ko‘proq surunkali kasalliklar bilan og‘rishi aniqlandi.  

So‘rovga jalb etilgan keksalarning atigi 15 foizi kundalik hayotda boshqalarning jismoniy yordamiga muhtojligini ta’kidlashdi. Kundalik shaxsiy parvarishlashda yordamga muhtoj bo‘lgan keksalarning ulushi jins (14%) va yashash joyi (16%) bo‘yicha deyarli bir xil ekanligi kuzatildi.  

Yosh toifasi bo‘yicha yoshi katta bo‘lgan keksalarning kundalik o‘z-o‘zini parvarish qilish va harakat qilishda boshqalarning yordamiga muhtojliklari ko‘proq ulushga ega ekanligi namoyon bo‘ldi. 75 va undan katta yoshdagi keksalar (32,7%) 55-59 yosh toifadagi kishilarga (9,6%) qaraganda deyarli 4 baravar yordamga muhtojligini qayd etishdi.  

So‘rovda ishtirok etgan keksalarning 1/5 qismi oxirgi 3 oy davomida kasallik yoki jismoniy zaiflik tufayli kundalik faoliyatida qiyinchiliklarga duch kelmagan. So‘nggi 12 oy ichida keksa yoshdagilarning aksariyati (82,3%) zaruriyat yuzasidan tibbiy muolajalar olgan. Aksariyat keksalarning o‘zini yaxshi, faol va tetik his ruhiy salomatligi yuqori darajada ekanligini  anglatadi.  

So‘rovda qatnashgan keksalarning 70% dan ortig‘i har doim yoki ko‘pincha hushyor va yaxshi kayfiyatda, faollik va qat’iyat kuchayganini his qilishlari, tetik va xotirjam uyg‘onishlarini, 55% esa o‘zlarini faol va hushyor his qilishlarini ta’kidlashdi. Ularning 1/3 qismi odatdagi xarajatlarini kamaytirmasdan o‘ziga kerak bo‘lgan hamma narsani sotib olishga qodir, ammo 15 foizi hatto eng kerakli narsani ham sotib olishga ham qurbi yetmaydi, 20 foizi esa faqat zaruriy narsalar uchungina pul ishlatadi.  

Umuman olganda, keksa avlod vakillarining 60% dan ortiq asosiy ehtiyojlari qondiriladi. Qimmatroq narsalar yoki kutilmagan xarajatlar haqida gap ketganda, qariyalarning atigi 40 foizi ularni qoplashda muammo yo‘qliginii bildirdi. Shaharlarda moddiy qashshoqlik darajasi qishloq joylarga qaraganda ancha past.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA