O‘zbekistonning bu boradagi imkoniyatlari qanday?
Qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, saqlash va sotish, shuningdek, nav va urug‘lik nazorati oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omilidir.
Xo‘sh, O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari nazorati qay tartibda amalga oshiriladi? Navli qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik sofligini aniqlash va aprobatsiya qilishda nimalarga e’tibor qaratish muhim?
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Qurbonboyevga shu kabi savollar bilan yuzlandik.
– Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini ekishdan oldin “O‘zagroinspeksiya”ning xududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari mutaxassislari urug‘lik respublikaning qaysi hududlariga ekish uchun davlat reestriga kiritilganini o‘rganadi. Davlat reestriga kiritilmagan urug‘liklarni ekishga yo‘l qo‘yilmaydi, – deydi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Qurbonboyev. – Ushbu holat yuz bersa, ma’muriy chora ko‘riladi.
Qayd etish lozimki, qishloq xo‘jaligi sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlarga rioya qilinishi va ijrosi yuzasidan o‘tgan 2023-yilda inspeksiya xodimlari tomonidan 76 ming 713 ta monitoring o‘tkazilib, tashkilot va korxonalarga 71 mingta ogohnoma kiritilgan. 9 ming 910 ta xo‘jalik yurituvchi subyektda profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan, amaliy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 21 ming 949 ta o‘tkazilgan tekshirish davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Inspeksiya vakolati doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 8 ming 878 ta holatda 2 milliard 101 million so‘mlik ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

– Aytingchi, ekinbop urug‘larni yetishtirish maqsadida tayyorlanadigan navli qishloq xo‘jalik ekinlarining genetik sofligini aniqlash va aprobatsiya qilinishi ustidan nazorat qilish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Respublika xududlarida kelgusi yil hosili uchun urug‘lik maqsadlarida ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekinboplik va genetik sofligini aniqlash bo‘yicha har bir ekin turining davriyligidan kelib chiqib, joylarda dala aprobatsiya ko‘riklarini to‘g‘ri o‘tkazilgani mutaxassislar tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Urug‘lik uchun yaroqsiz deb topilgan maydonlardan jamg‘arilgan urug‘liklardan foydalanilmasligi ta’minlanadi.
Har yili mahalliy sharoitda yetishtirilgan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari urug‘ligini ekish mavsumidan oldin urug‘liklarning muvofiqlik sertifikati mavjud ekani o‘rganiladi va sertifikati mavjud bo‘lmagan urug‘liklarni sertifikatlashtirish bo‘yicha tushintirish beriladi. Sertifikatlashtiruvchi tashkilotlar urug‘likdan namuna olib, laboratoriya tahlillarini o‘tkazishi talab etiladi.
–Joriy yilda necha gektar kartoshka ekilishi rejalashtirilmoqda? Ushbu maydonlar uchun urug‘lik kartoshkalar zaxirasi yetarlimi?
– Eng dolzarb muammolardan biri aholini sifatli, ekologik toza va tabiiy qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdir. Mamlakatimiz aholisini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va dehqonchilik madaniyatini yanada oshirishda eng avvalo qishloq xo‘jaligida ilg‘or, intensiv texnologiyalarni qo‘llash tadbirlarini amalga oshirish talab etiladi.
Joriy yilda respublika hududlarida 131 ming gektar, shundan fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining 103 ming 816 gektar va dehqon xo‘jaliklarining 27,2 ming gektar asosiy maydonlarida kartoshka ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu maydonlar uchun 327 ming 700 tonna urug‘lik kartoshka talab etilishi hisob-kitob qilingan. Ushbu maydonlar uchun mahalliy sharoitda yetishtirilgan urug‘lik kartoshkalar o‘zimizda yetarli. Shunga qaramasdan har yili urug‘liklarni yangilab borish maqsadida xorijdan 15-20 ming tonna atrofida urug‘lik import qilinadi. Keyingi 10-yillikda sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari urug‘chiligiga juda katta e’tibor berilmoqda. Birgina kartoshka misolida aytadigan bo‘lsak, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlari hisobga olinib, kartoshka yetishtirish imkoni mavjud bo‘lgan viloyatlar va tumanlar hattoki hududlari ham aniq belgilab berilgan. Kartoshka urug‘ligi xorijdan import qilinishini kamaytirish maqsadida joylarda kartoshkaning yuqori avlodli urug‘liklari yetishtirilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kartoshka ekiladigan yer maydonlari ekinlardan bo‘shagach, kuz faslidayoq sifatli, chuqur haydalib, begona o‘tlar, o‘tmishdoshlar qoldiqlaridan tozalanadi. Kuz faslida sifatli haydalgan yoki chopib qo‘yilgan maydonga kul, chirigan go‘ng (mahalliy o‘g‘it) sepib qo‘yilsa, qishdagi namgarchilik bilan tuproqqa ekin uchun foydali elementlar singib, tuproqni boyitib, hosil tuganaklari ko‘p bo‘lishi uchun zamin yaratadi.
–O‘zbekistonda yetishtirilgan urug‘lik chigit sifati talabga javob beradimi?
– Bugungi kunda mamlakatimizda ekib kelinayotgan paxta navlari juda sifatli bo‘lib, tola chiqimi, tola uzunligi, hosildorligi va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha boshqa davlatlar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Shuningdek, Prezidentimizning 2023-yil 15-dekabrdagi “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham paxtachilikda zamonaviy samarador agrotexnologiyalarni qo‘llash va urug‘chilik tizimiga erkin bozor mexanizmlarini joriy etish orqali hosildorlikni keskin oshirish, paxta xomashyosini yetishtirishda ilmiy-innovatsion yondashuvlarni qo‘llash borasida zaruriy shart-sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Mamlakatimizda 1 million gektar maydonda urug‘lik chigit ekish hamda paxta xomashyosi yetishtirish hamda 10 foiz maydonga xorijdan keltirilgan urug‘lik chigit ekish ko‘zda tutilgan. Shu sababli 100 ming gektar maydonda xorijdan keltirilgan urug‘lik chigit ekish hamda yetishtirish maqsad qilingan. Bugungi kunga qadar xorijdan 1087 tonna urug‘lik chigit olib kelinishi ta’minlandi va ushbu tadbirlar davom etmoqda. Alohida aytib o‘tishim kerakki, davlat standart talablariga muvofiq, dexqon bozorlaridagi urug‘lik do‘konlaridan va xorijdan hech qanday kelib chiqish hujjatlari mavjud bo‘lmagan urug‘liklarni sertifikatlashtirishga ruxsat etilmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA