O‘zbekistonda eng ko‘p sotib olinadigan mahsulotlardan biri gazlangan va gazlanmagan ichimliklardir. Bu mahsulot sog‘liq uchun juda zararli ekani olimlar tomonidan isbotlab berilgan bo‘lsa-da, ammo talab kamaymayapti.
Dunyoning ko‘plab davlatlarida shirin ichimliklar iste’molini kamaytirishga qaratilgan turli choralar joriy etilgan. O‘zbekistonda ayni maqsadda tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan, gazlangan hamda iste’mol qadog‘iga qadoqlangan ichimliklarning 1 litri uchun 500 so‘m aksiz solig‘i joriy etilgan.
Xo‘sh, mamlakatimizda gazlangan va shirin ichimliklar iste’molini kamaytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi qanday?
– Shakarga boy gazli va gazlanmagan ichimliklar va oziq-ovqatlar odamlar, ayniqsa bolalar, o‘smirlar va yoshlar ratsionida ortiqcha kaloriyalarning asosiy manbai bo‘lishi mumkin, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi Shuhrat Shukurov. – Shakarli ichimliklarni ko‘p iste’mol qiladigan bolalarda uni kam iste’mol qiladigan bolalarga nisbatan ortiqcha vazn yoki semirish ehtimoli yuqoriroq bo‘lishi kuzatilgan.
Jahon amaliyotiga ko‘ra, aholi, ayniqsa bolalar va o‘smirlar orasida shirin ichimliklarni kamaytirishning eng samarali usullaridan biri bunday mahsulotlarning aksiz solig‘igi tortilishi hisoblanadi. Mamlakatimizda 2024 yil 1 apreldan boshlab bunday amaliyot qadoqlangan shakar yoki shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan gazlangan ichimliklarga (1 litri uchun 500 so‘m) joriy etilgan. 2025 yil 1 apreldan boshlab esa nafaqat gazlangan, balki gazlanmagan shirin ichimliklarning 1 litri uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etiladi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayni vaqtda gazlanmagan shirin ichimliklarning chakana narxidagi aksiz solig‘i ulushi o‘rtacha 3 - 5,5 foizni tashkil etmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich kamida 20 foizni tashkil etsagina, ko‘zlangan maqsadga, ya’ni aholi, ayniqsa bolalar va o‘smirlar orasida bu kabi zarari katta mahsulotlar iste’molini kamaytirish va byudjet tushumining ko‘payishiga erishish mumkin. Demak, kelgusi qisqa davr ichida aksiz solig‘i kamida to‘rt barobarga oshirilsagina bolalar va o‘smirlarning bu mahsulotlarni xarid qilish imkoniyati kamayadi.
Ilgari, shirin ichimliklarning zarari faqat shakar bilan bog‘liq deb hisoblanar edi. Hozirgi kunda ilmiy tadqiqotlar nafaqat shakarli ichimliklar, balki shirinlantiruvchi va shakar o‘rnini bosuvchi moddalar qo‘shilgan ichimliklar ham salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlab bergan.
Afsuski, O‘zbekistonda ham bolalar, ham kattalar orasida ortiqcha vazn va semizlik tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Oxirgi 30 yil ichida 5-9 yoshli bolalar orasida semirish 2,6 barobar, 10-19 yoshli o‘smirlar orasida esa 3,3 barobar oshgan.
Nega aynan shirin va gazli ichimliklarga talab katta? Chunki, bu kabi ichimliklarning reklamasiga milliardlab mablag‘lar sarflanadi, dunyo bo‘yicha savdoni rivojlantirish uchun katta byudjetli aksiyalar, targ‘ibot harakatlari olib boriladi. Bu harakatlar albatta o‘z natijasini ko‘rsatadi.
Eng avvalo aholining kundalik iste’molidagi gazlangan va gazlanmagan shirin ichimliklar hissasini kamaytirish zarur. Sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmalarini hosil qilish uchun esa soliq choralari bilan birgalikda boshqa choralarni (reklama va sotuvni rag‘batlantirishni cheklash, rangli markirovka, aholini sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha xabardorligini oshirish va boshqalar) ham joriy etish lozim.
Gazlangan shirin ichimliklar bilan birgalikda gazlanmagan shirin ichimliklarga ham birday aksiz solig‘ini joriy etish maqsadga muvofiqdir. Chunki iste’molchilar arzonroq gazlanmagan shirin ichimliklarni tanlashi mumkin. Bunday amaliyot jahon tajribasiga to‘liq mos keladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA