Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nega avtobuslar o‘z vaqtida qatnamayapti?
13:01 / 2020-11-19

Birdan havo sovib, qor yoqqani Toshkent shahridagi jamoat transporti qatnovida muammolarni keltirib chiqarmoqda.

– Ishonasizmi, ikki soatdan beri 28 avtobusni kutib o‘tiribman, – deydi Olmazor tumanilik Odil Qalandarov. – Uyimdan ishxonaga bitta shu avtobus boradi.  Bir necha yildan buyon shunda qatnayman. Ilgari shu avtobusni 50 minut - 1 soat kutardik. Bora-bora 2 soatlab kutadigan bo‘ldik. Ishdan soat 16:00da chiqqan edim, avtobus  18:00da ham kelgani yo‘q. Qachongacha bunday kutamiz. Kuning issiq kunlarida bunday holga chidardik. Sovuq kunlarda ikki soatlab ko‘chada qolsangiz, kasal bo‘lishingiz aniq. O‘zi arzimagan oylik olaman. Har kuni falon pulga taksida qatnashga imkoniyatim yetmaydi. Nega avtobuslarni qishga tayyorlashmaydi? Buni nazoratga oladigan tashkilot bormi?  

Ismini oshkor etishni istamagan 28- yo‘nalish avtobusi haydovchisining so‘zlariga ko‘ra, avtobuslarning qishga tayyorgarligi ko‘rilmagan. Bundan tashqari, ko‘plab avtobuslar eskirgan va texnik ta’mirga muhtoj ekan.

Olmazor tumanidagi Beruniy bekatida avtobuslar qatnovini kuzatdik. Yuqorida aytilganidek, har bir-bir yarim soatda bitta avtobus qatnayapti. Bekatlar odamlar bilan gavjum. Avtobus bekatida yuzlab odamlar sovuqda avtobus kutmoqda.  Ba’zilar sovuqqa chiday olmasdan taksida uylariga ketishmoqda. Ob-havo o‘zgarganiga, “taksi”larning ham narxi oshgan. Bir kun oldin 5 ming so‘mga qatnayotgan joyiga 10 ming so‘mga olib borishini aytadi. Odamlar noilojlikdan taksichilar aytgan pulga rozi bo‘lishmoqda.

– Nevaralarimni maktabdan olgani kelgandim. Bir soatdan beri avtobus kutyapmiz. Shunday pandemiya davrida avtobuslar qatnovini tezlashtirib qo‘yishsa bo‘lardi. Kunlar sovuq, odamlar soatlab avtobus kutib, bitta avtobusda tiqilib ketishyapti. Bunda, albatta, kasallik ko‘payadida. Uning ustiga talabalar ham o‘qishni boshlashganu uchun bekatlar yanada gavjumlashgan. Nega buni mutasaddi tashkilotlar e’tiborga olishmayapti, – deydi yo‘lovchilardan biri.

Nihoyat uzoq vaqt kutilgach, 28-, 34-, 116- va boshqa avtobuslar keldi, o‘nlab yo‘lovchi avtobusga o‘zini urdi. Hech kim masofa saqlash haqida o‘ylagani ham yo‘q.

"Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyatining poytaxtimizda havoning keskin sovushi natijasida ko‘chalarda transportdan foydalanishda bir qator muammolar yuzaga kelishi haqida ogohlantirgan xabariga ko‘zim tushdi.

Xabarda 19 noyabr kuni fuqarolarning shaxsiy transportlaridan foydalanmasliklari tavsiya etilgan holda, jamoat transporti (avtobuslar) sonini maksimal darajada ko‘paytirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilayotgani ta’kidlangan.

Bugun ertalabki soat 7:00da Olmazor tumanidagi “Shifokorlar” bekatidamiz.Ahvol o‘sha- o‘sha. Bekat odamlar bilan gavjum. Soatlab avtobus kutishmoqda.  Biz bitta tumandagi holatni o‘rgandik. Ammo bunday manzaralar boshqa tumanlarda ham ko‘p uchrayapti.

Qish esa endi boshlanmoqda...

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA