Farg‘ona futbol assotsiatsiyasi 2025 yilgi mavsum yakunlari va yangi mavsumga tayyorgarlik rejalari haqida ma’lum qildi.
Jumladan, o‘tayotgan 2025 yilgi mavsum Farg‘ona viloyati futboli uchun juda samarali bo‘ldi. Buning natijasida viloyatning bosh jamoasi “Neftchi” uzoq kutilgan mamlakat chempionatida g‘olib bo‘ldi va kelgusi mavsum Elit Osiyo chempionlar ligasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, “Qo‘qon-1912” jamoasi ham milliy chempionatimizda barqaror o‘yin namoyish etdi va kelgusi mavsum ham Superligada ishtirokini davom ettirish huquqini o‘zida qoldirdi.
Har ikki jamoa yangi mavsumga munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda. Farg‘ona viloyati hokimligi va Farg‘ona futbol assotsiatsiyasi bu borada keng imkoniyatlar yaratish va ularni xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida samarali ishtirok etishlari uchun tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ydi.
“Neftchi” klubi O‘zbekiston chempioni sifatida OCHL musobaqasida munosib ishtirok etish uchun dastlabki yig‘inni 3-21 yanvar kunlari, ikkinchi yig‘inni esa 24 yanvardan 11 fevralgacha olib boradi.

Turkiyaning Antaliya shahrida tashkil etiladigan mazkur yig‘inlar davomida jamoaning jismoniy, texnik va taktik tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratiladi.
“Qo‘qon-1912” jamoasi esa yangi mavsum oldidan tayyorgarlikni bir necha bosqichda tashkil etishni rejalashtirgan. Jamoaning birinchi o‘quv-yig‘ini 4-13 fevralga qadar Tojikistonning Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, jamoa 14 yanvardan 14 fevralga qadar Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazib, xalqaro nazorat uchrashuvlari orqali tayyorgarlik darajasini yanada oshiradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA