Xabar qilganimizdek, Pro-liga 20-turi doirasida Farg‘ona shahridagi «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘tgan «Neftchi»-«Turon» uchrashuvidan (0:1) keyin tartibsizlik ro‘y berdi.
Holat bo‘yicha Jinoyat Kodeksning tegishli moddalari asosida 6 nafar shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda ishtirok etgan 5 nafar shaxslarning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik aniqlanganligi bois, ular ma’muriy tartibda ushlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Farg‘ona shahar ma’muriy sudi tomonidan O. Yusupov, S. Hikmatov, I. Tursunov, M. Akramov va Q. Mamajonovlarga nisbatan to‘plangan ish materiali ko‘rib chiqildi.
Ular jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibini buzib, futbol o‘yinida baqir-chaqir ko‘targan. Tartibsizlik vaqtida ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan. Sud tomonidan ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi.
Ish materiali va sudda huquqbuzar O.Yusupov, S.Hikmatov, I.Tursunov, M.Akramov va Q.Mamajonovlarni faqat jamiyatdan ajratgan holda qamoq jazosi tayinlash orqali ularni tarbiyalash mumkinligi aniqlandi.
Farg‘ona shahar ma’muriy sudi raisi Solijon Qurbonovning O‘zA muxbiriga xabar berishicha, huquqbuzarlarga o‘n besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA