Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Neftchi” – “So‘g‘diyona” – 0:3
12:09 / 2024-08-21

Kuni kecha O‘zbekiston futbol chempionati superligasida qoldirilgan 14-tur 4 ta bahsidan ikkitasi bo‘lib o‘tdi. Farg‘onada “Neftchi” Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qilgan bo‘lsa, Toshkentda “Olimpik” Qarshining “Nasaf” jamoasi bilan bahs olib bordi.

Farg‘onadagi uchrashuv turning markaziy maqomiga ega edi, chunki “So‘g‘diyona” turnir jadvalida 3-pog‘onani egallab chempionlikka da’vogar jamoalardan biri bo‘lsa, joriy mavsum o‘z oldiga chempionlikni maqsad qilib qo‘ygan “Neftchi” mazkur bahsda g‘alaba qozongudek bo‘lsa, 4-o‘ringa ko‘tarilib olar va chempionlik bahsiga qo‘shilar edi.

Shu sababdan ham har ikkala jamoa bu o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rganligi tabiiy. Uchrashuv boshlanishi bilan kutilmaganda “So‘g‘diyona” hujumga tashlandi va mezbonlar darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yarata boshladi. Mehmonlar bosimni kuchaytirib, “Neftchi” jarima maydonida to‘pni olib qo‘yishga urindi. “Neftchi” esa o‘z maydonida ko‘plab ishqibozlarining qo‘llab-quvvatlashi ostida to‘p surayotganiga qaramay, 2-raqamda harakat qildi, uzun uzatmalar bilan jizzaxliklarning sobiq futbolchilari, hozir “Neftchi” tarkibida o‘ynayotgan tajribali Shohruz Norxonov yoki tezkor Javohir Qahramonovlarni xavfli vaziyatga olib chiqishga harakat bo‘ldi. Lekin bu uzatmalar mezbonlarga hech qanday naf keltirmadi.  

O‘yinning 22-daqiqasida mezbonlar darvozaboni hamda himoyachi xatosidan unumli foydalangan tajribali Oleg Zoteyev jamoadoshi Vladimir Yovovichning uzatmasini golga aylantirdi – 0:1.  

Jamoalar ana shunday hisob bilan tanaffusga chiqib ketishdi.

Tanaffus paytida farg‘onaliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko shogirdlariga jiddiy e’tirozlar bildirib, aniq ko‘rsatmalar bergani va bir qator o‘yinchilarni zaxiradan maydonga tushirgani 2-taymga kelib sezildi. Ushbu bo‘limda “Neftchi” kuchli bosim bilan hujumlar tashkil etishni boshlagan bo‘lsa, “So‘g‘diyona” qarshi hujumda to‘p surdi.  

Mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich, bu bosimdan chiqib ketish uchun ketma-ket bir qator o‘yinchilarni almashtirdi va taktikani ham o‘zgartirdi. Jizzaxlik futbolchilar o‘yinda “yotib olmay”, balki juda tartibli himoyalandi va farg‘onaliklar to‘pni egallashlari bilan ularga qarshi kuchli bosim tashkil etdi. Va bu o‘z samarasini berdi.  Uchrashuvning 66-daqiqasida navbatdagi bosimdan so‘ng mezbonlar jarima maydoni yaqinida “So‘g‘diyona” futbolchilari to‘pni olib qo‘ydi va Lyupche Doriyevning aniq uzatmasidan so‘ng Vladimir Yovovich gol kiritib, farqni 2 taga oshirdi – 0:2.

Ikkinchi goldan so‘ng mezbonlar tarkibida yana o‘zgarigshlar amalga oshirildi va asosiy e’tibor hujumga qaratildi. Bugungi “So‘g‘diyona” qarshi hujumda juda xavfli raqib ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. O‘yinning 86-daqiqasida mehmonlar tomonidan uyushtirilgan tezkor hujumda Stanislav Andireyevning zarbasini “Neftchi” darvozaboni Botirali Ergashev qaytardi, ammo zaxiradan maydonga tushgan Sardorbek Hoshimov birinchi bo‘lib to‘pni egallab oldi va aniq zarba bilan mezbonlar darvozasini uchinchi bor ishg‘ol etdi – 0:3.  

“So‘g‘diyona o‘z tarixida ilk bor Farg‘onada 3 ta to‘p kiritib, “Neftchi”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi.  

Ma’lumot o‘rnida, farg‘onaliklar o‘z maydonida oxirgi marotaba 2022 yilning noyabr oyida superliga bahsida Olmaliqning OKMK jamoasiga yutqazib qo‘yib 3 ta gol o‘tkazib yuborgan edi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng, “So‘g‘diyona” ochkolari sonini 30 taga yetkazib oldi va 2-pog‘onaga ko‘tarildi. 4 o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmay, 2-davrani anchagina bo‘sh o‘tkazayotgan “Neftchi” bosh murabbiyi  Vitaliy Levchenkoning ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng “kreslo”si qimirlab qolgan bo‘lsa ajab emas.  

Superliganing qoldirilgan 14-turidan o‘rin olgan “Olimpik” – “Nasaf” o‘yinida ham mehmonlarning qo‘li baland keldi. Toshkentliklar bosh murabbiyi Timur Kapadze va bir qator O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi hamda “Olimpik”ning asosiy tarkib futbolchilari jamoani tark etgach, poytaxtlik futbolchilar o‘yinida sezilarli darajada pastlash yuz berdi. Qashqadaryo viloyati futbolchilari esa ushbu g‘alabadan keyin turnir jadvalida yakka peshqadamga aylanib oldi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari 35 ochko jamg‘arib, eng yaqin taqibchilari “So‘g‘diyona”dan 5, OKMKdan 6, “Paxtakor”dan 10 ochkoga ilgarilib, “Nasaf” chempionlik sari yana bir dadil qadam tashladi.

A.Qayumov,  

O‘zA