FOTOREPORTAJ
Farg‘onada tashkil etilgan “Neftchi” futbol akademiyasi yurtimizdagi eng zamonaviy sport maskanlaridan biriga aylanmoqda.
Akademiya “Istiqlol” stadioni yonidagi “Futbol markazi” negizida barpo etilmoqda. Loyihada jahonning yetakchi klublari tajribasi o‘rganilgan. Hozirda tabiiy va sun’iy maydagi oltita stadion, har qanday ob-havoda mashg‘ulot o‘tkazish imkonini beradigan yopiq maydon, Braziliya uslubidagi qumli maydon hamda 150 o‘rinli yotoqxona barpo etilayotir.
Akademiyada o‘qish istagini bildirgan 2000 nafar boladan 235 nafari tanlab olindi. Saralash jarayonlari shahar va tumanlarda davom etmoqda. Maskan faoliyati Ukraina va Rossiya akademiyalarida ish tajribasiga ega mutaxassis Igor Ximich tomonidan boshqariladi. Mahorati baland murabbiylar ham tanlov asosida jalb etilayapti.
Yosh futbolchilarga chet tillari ham o‘qitiladi. Akademiya mamlakatning barcha hududlari va qo‘shni davlatlardan iqtidorli yoshlarni qabul qilishga tayyor.
[gallery-26722]
Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, sobiq futbolchi Nosirjon Otaqo‘ziyevning ta’kidlashicha, “Neftchi” akademiyasi yaqin yillarda mamlakatimizdagi yetakchi futbol maktablaridan biriga aylanib, Farg‘ona futboli rivojida yangi bosqichni boshlab beradi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA