Mamlakatimiz neft-gaz sanoati sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri – I.M.Gubkin nomidagi (MTU) Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent shahridagi filialida “Yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish davrida neft-gaz sanoati rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari” mavzusida IV Xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Oliy ta’lim muassasasi bugun 7 ta mamlakatdan 380 dan ziyod olim va mutaxassis, 60 dan ortiq yetakchi universitet, ilmiy-tadqiqot instituti hamda sanoat korxonalari vakillari uchun ilmiy g‘oyalar almashish, tadqiqot natijalari bilan tanishish, xalqaro tajriba o‘rganish va kasbiy aloqalarni kengaytirish maydoniga aylandi.
Konferensiyada neft-gaz sanoatida innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda yashil iqtisodiyot sharoitida barqaror rivojlanish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
[gallery-25996]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, oliy ta’lim muassasasi vakillari, yetakchi xorijiy universitetlardan mehmonlar, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokidagi tadbirda plenar va seksion yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.
Konferensiya ishida neft-gaz majmuasining yashil energetika tamoyillariga o‘tishi, uglevodorodlarni qidirish va qazib olishda raqamli texnologiyalarni joriy etish, yangi avlod muhandis kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, barqaror rivojlanish sohasida xalqaro hamkorlik istiqbollari kabi masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir tadqiqotchilar, yoqilg‘i-energetika majmuasi mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek neft-gaz sanoatining innovatsion rivojlanishi bilan shug‘ullanayotgan mutasaddilar uchun ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. U nafaqat bilim almashish maydoni, balki innovatsiyalar, ekologiya va sayyoramiz kelajagi uchun mas’uliyat tamoyillariga asoslangan yangi ilmiy hamkorlik madaniyatini shakllantirish yo‘lida muhim va dadil qadam bo‘lib qolishi, shubhasiz.
Konferensiya 31 oktyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Kamola YUSUPOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA