Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Neft mahsulotlaridan noqonuniy foydalangan fuqaro ham, mansabdor shaxs ham jarimaga tortiladi - Energetika vazirligi
09:48 / 2022-12-17

Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zneftgazinspeksiya”, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ishchi guruh a’zolari bilan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida fuqarolar tomonidan neft mahsulotlaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda.

Xususan, 15 dekabr kuni Toshkent shahridagi “Nazarbek” yo‘l patrul postida fuqaro A.Yu. boshqaruvidagi Gazel rusumli avtomobil yukxonasida F.Ya. ga tegishli bo‘lgan 500 litr dizel yoqilg‘isini nostandart yelim idishlarda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga zid ravishda olib ketayotgan vaqtida ushlangan.

Hozirda ushbu holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, neft mahsulotlarini noqonuniy saqlash, tashish va sotish insonlar hayoti va mol mulkiga jiddiy zarar yetkazishi hamda og‘ir asoratlar qoldirishi mumkin. Shu bois, Energetika vazirligi tadbirkor va fuqarolarni neft mahsulotlarini noqonuniy saqlash, tashish va sotishdan ogohlantiradi.

Bu kabi holatlar aniqlanganda, birinchidan, aniqlangan neft mahsulotlari musodara bo‘ladi. Shuningdek, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Qolaversa, yuqoridagi kabi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tamiz, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

O‘zA