Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Neft mahsulotlari xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarilmoqda
12:12 / 2026-02-12

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida iqtisodiy barqaror rivojlanish va ishlab chiqarish standartlarini xalqaro me’yorlarga moslashtirish muhim hisoblanadi. Shu sababli, bu borada nafaqat qonunchilik, balki neft va gaz sohasida ham keng qamrovli texnik islohotlar amalga oshirilyapti.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur tashkilot tomonidan bu boradagi ishlar izchillik bilan olib borilmoqda. Xususan, STQ 35 “O‘zneftgazmahsulot” texnik qo‘mita bilan hamkorlikda neft va gaz sohasida amal qilayotgan me’yoriy hujjatlar xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirilmoqda. Bu esa mahsulotlar sifati va ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish imkonini beradi.

– Ayni paytda mahsulot sifati, o‘lchash va sinov jarayonlari xalqaro mezonlar asosida takomillashtirilyapti. Jamiyat tizimida ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz, benzin, dizel yoqilg‘i, sintetik dizel va aviatsiya yoqilg‘isi xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarilmoqda. Sinov metodikalari va akkreditatsiya jarayonlari ham bosqichma-bosqich xalqaro talablarga moslashtirilmoqda. Mazkur o‘zgarishlar nafaqat mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, balki eksport geografiyasini kengaytirish, ayniqsa, Yevropa bozoriga kirish imkoniyatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish tizimi xorijiy sarmoyadorlar ishonchini mustahkamlashda ham muhim omil hisoblanadi, – dedi ushbu tashkilot axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz neft-gaz tarmog‘idagi ushbu islohotlar nafaqat milliy iqtisodiyotning rivojiga hissa qo‘shadi, balki xalqaro bozorda mamlakat mahsulotlarining obro‘sini va raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Bu esa kelgusida neft-gaz sohasini barqaror va samarali rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA