Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Neft-gaz tarmogʻida prognoz koʻrsatkichlarining birinchi yarim yillik natijalari qanday?
10:25 / 2020-07-10

Yigʻilishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan qatʼiy jazo choralari koʻrilishi aytib oʻtildi.


“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev raisligida prognoz koʻrsatkichlarining birinchi yarim yillik natijalari, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va ikkinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalari kabi masalalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan yigʻilishda “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi M.Abdullayev tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 16,9 mlrd kub.metrni (oʻtgan yilga nisbatan 100,7%), gaz kondensati 724 ming tonnani (106,2%), neft 103,5 ming tonnani (108,9%) tashkil etgani, tabiiy gaz zaxiralari 7 mlrd.kub.metrga (100,5%), gaz kondensati zaxiralari - 273,2 ming tonnaga (109,3%) oʻsganini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, investitsiya dasturiga kiritilgan 11 ta loyiha boʻyicha jami 846,5 mln. dollar investitsiyalar oʻzlashtirildi (105%), mahalliylashtirish dasturi doirasida 544,1 mlrd. soʻmlik mahsulotlar (116,1%) ishlab chiqarildi, importni qisqartirish 125,4 mln. dollarni (109,4%) tashkil etdi.

Birinchi yarim yillikda 47 ta yangi quduq burgʻulandi, 294 ta quduq mukammal va joriy taʼmirlandi. 20 ta texnologik obyektlarda modernizatsiya, rekonstruksiya ishlari olib borildi. Natijada qoʻshimcha 994,3 mln. kub metr tabiiy gaz, 21,9 ming tonna kondensat va 1,2 ming tonna neft qazib chiqarishga erishildi.

Tabiiy gaz qazib chiqarishda ishtirok etayotgan har bir ishchi-xodimlarning mehnati alohida eʼtirof etilib, keyingi yarim yillikda natijani yana-da yaxshilash boʻyicha alohida topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

Avtobenzin ishlab chiqarish 399,9 ming tonnani yoki 121,7%, dizel yonilgʻisi 345,5 ming tonna (88,2%), suyultirilgan gaz 311,9 ming tonna (99,1%), polietilen 67 ming tonna (109,2%) tashkil etgani, shu oʻrinda keyingi yarim yillikda ushbu muvaffaqiyatli natijani nafaqat saqlab qolish, balki yana-da yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mehriddin Abdullayev oʻtgan davrda erishilgan yutuqlar qatorida mavjud kamchiliklar boʻyicha ham toʻxtalar ekan, unda “Oʻzneftgaz burgʻulash ishlari” tomonidan joriy yilda oʻz mablagʻlari hisobidan 20 ta quduqni burgʻulab ishga tushirish tadbirlaridan may-iyun oylarida 4 ta quduq burgʻulashdan tugatilganini, aslida bu natija mutlaqo qoniqarsiz ekanligini tanqid qildi. Belgilangan vazifalar toʻliq bajarilmagani va bu holat kelgusida ham takrorlansa qatʼiy jazo choralari koʻrilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, “Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” korxonasi tomonidan modernizatsiya qilish yoʻnalishida ishlar qoniqarsiz ahvolda ekanligi, uskunalar belgilangan muddatini oʻtab boʻlganligi sababli ish unumdorligi tobora kamayib borayotgani ham tanqid qilindi.

Boshqaruv raisi neftbazalar faoliyatiga ham eʼtibor qaratib, ayrim neftbazalar tomonidan klasterlarga iyun oyida dizel yonilgʻisi umuman realizatsiya qilinmagani sababli, ishni tashkil etishda kamchiliklarga yoʻl qoʻyganlar boʻyicha chora koʻrilishi belgilanganini qayd etdi. Shuningdek, yil oxiriga qadar barcha neftbazalarda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etilishi lozimligi boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shu bilan birga, ikkinchi yarim yillikda ham katta vazifalar belgilangan. Jumladan, 34,6 mlrd. kub metr tabiiy gaz, 1,6 mln. tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish, 20 mlrd. metr kub tabiiy gaz zaxiralarini oʻstirish, 704,5 ming tonna avtobenzin, 790,3 ming tonna dizel yonilgʻisi, 687,9 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi, 1,4 mlrd. dollar investitsiyalar oʻzlashtirlishini, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni taʼminlash zarur.

Tizimdagi har bir rahbar va xodimlarga sinov yili boʻlib, birinchi navbatda korrupsiyaga karshi kurashiladi, tartib intizom kuchaytiriladi va mablagʻlarni samarali ishlatish yarim yilligi boʻladi.

Yigʻilishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan qatʼiy jazo choralari koʻrilishi aytib oʻtildi.

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablaridan kelib chiqib barcha korxonalar, maʼmuriy binolari va ishlab chiqarish obyektlarida sanitariya-epidemiologiya talablariga soʻzsiz rioya qilish choralarini koʻrishga, ularni uzluksiz ishlashiga shart-sharoit yaratishga korxona rahbarlarining bevosita masʼulligi yana bir bor taʼkidlandi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati