“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilga qadar gaz qazib olish hajmini 62 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadga erishish uchun zamonaviy geologiya-qidiruv ishlari va investitsiyalar muhim ahamiyatga ega.
Har bir davlatning barqaror rivojlanishi energiya resurslari hamda xomashyo bazasini uzoq muddatli va samarali o‘zlashtirish salohiyatiga bevosita bog‘liq. Bu jarayonda tabiiy gaz strategik ahamiyat kasb etadi. Chunki u aholi uchun asosiy energiya manbai, sanoat tarmoqlari uchun esa tayanch resurs sanaladi. Bu iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi muhim omildir.

Shu bois ham mutaxassislar gaz qazib olish hajmini bosqichma-bosqich oshirish mamlakat energetik xavfsizligining mustahkam poydevorini yaratishini ta’kidlashadi. Sohada olib borilayotgan tizimli va kompleks chora-tadbirlar esa davlat oldida turgan bir qator strategik vazifalarni samarali hal etish imkonini beradi.
Ushbu fikrlarga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining xalqaro kompaniyalar bilan yangi hamkorliklar yo‘lga qo‘yayotganini misol sifatida ko‘rsatish mumkin. Tuzilma xorijiy kompaniyalar bilan investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishmoqda. Bu energiya infratuzilmasi va iste’mol bazasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Xitoyning neft-gaz kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha 2026 yil rejalari muhokama qilinmoqda. Bu geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va texnologiyalar kiritishga yo‘naltirilgan.
Davlatimiz rahbari “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishar ekan, gaz sohasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
– Taqdimotda Prezidentimiz eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ekanini qayd etdilar, – – dedi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov. – Tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda kompaniyaning moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha reja va takliflarini ilgari surdik. Jumladan, soha oldida turgan dolzarb muammolar va ularni yechish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan topshiriqlar oldik. Buning uchun avvalo neft-gaz bo‘yicha transformatsiyani kuchaytirish, raqamlashtirish, moliyaviy intizomni sog‘lomlashtirish muhimligi ta’kidlandi. Topshiriqlardan kelib chiqib, joriy va kelgusi yillarda amalga oshiradigan ustuvor vazifalarni belgilab oldik va ularni so‘zsiz bajarishni ta’minlaymiz.
Qayd etilishicha, “O‘zbekneftgaz” sohasini qaytadan ko‘rib chiqish, yangi texnologiyalarni joriy etish, jamiyatda sodir bo‘layotgan korrupsion holatlar oldini olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Barcha korrupsiyaviy holatlar, xavflarning olini olishga barcha chora-tadbirlarni ko‘rib, mazkur sohada korrupsiyaga qarshi kurashishda beshta muhim yo‘nalish belgilab olingan. Ushbu yo‘nalishlarda doimiy ishlar olib boriladi va neft-gaz tizimida jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha qat’iy intizom va tartib o‘rnatiladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston neft-gaz sohasida yaxshi potensialga ega. Bu soha iqtisodiyotda muhim o‘rin tutadi. Biroq tabiiy gaz va neft ishlab chiqarishda kuzatiladigan muammolar strategik geologiya-qidiruv ishlari, xususan, yangi maydonlarni ochish va texnologiyalarni zamonaviylashtirishni talab qiladi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari O‘rol Sa’dullayev bu boradagi fikrlarini bildirib, geologiya qidiruv ishlari hajmi samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilanganini aytdi.
– Respublika hududidagi istiqbolli maydonlarda 2026 yildan boshlab geologik qidiruv ishlarni jadallashtirish evaziga kamida 30 ta istiqbolli maydonni aniqlab, “O‘zbekneftgaz” tashkilotiga beramiz, – deydi O‘rol Sa’dullayev. – Bunga 2D, 3D seysmik qidiruvni jadallashtirish evaziga erishish mumkin. Bunda “O‘zbekgeofizika” tashkilotining moddiy-texnik bazasini kengaytirib, zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni jalb etgan holda geologik qidiruv ishlar samaradorligini oshirish mumkin. Bu respublikada gaz qazib olish hajmi oshirilishi va tog‘-kon sanoati korxonalariga zarur bo‘lgan xomashyo hajmi oshishiga olib keladi.
Gaz qazib olish va qayta ishlash tarmoqlarining izchil rivojlanishi yoqilg‘i-energetika majmuasining barqaror o‘sishini ta’minlaydi.
Natijada O‘zbekistonning mintaqaviy va global energetika tizimidagi o‘rni yanada mustahkamlanadi. Shu bois mamlakatda energetika sohasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xalqaro investitsiyalar va strategik sherikliklar sohani modernizatsiya qilish hamda energiya xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri