English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Neft-gaz sohasida xalqaro hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
12:03 / 2025-10-04

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalarda, balki energetika yo‘nalishida ham izchil rivojlanib bormoqda.

Xususan, neft-gaz tarmog‘idagi hamkorlik ikki davlat iqtisodiyotining uzviy qismi sifatida barqaror taraqqiyotga xizmat qilmoqda. Mazkur sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi investitsiya yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi boshlanmoqda.

Aynan shu maqsadda kuni kecha Ostona shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov va “QazMunayGaz” AJ boshqaruvi raisi Asxat Xasenov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.  

Muzokaralar davomida ikki davlatning neft-gaz sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda “Uzbekistan GTL” zavodi bazasida chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, Qozog‘istondagi gaz-kimyo sohasidagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari tahlil etildi.

Tomonlar ushbu yo‘nalish bo‘yicha xalqaro hamkorlarni jalb etish zarurligini qayd etdi. Ular “O‘zbekneftgaz” AJ ob’ektlarida uglevodorod xomashyosini tolling asosida qayta ishlash masalalariga asosiy urg‘u berdi. 

Shuningdek, qo‘shma geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish ishlari ham muhokama qilindi.  

Uchrashuv yakunida qayd etilganidek, ikki kompaniya bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytiradi va qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA