“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va “Standard Chartered Bank” vakillari o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda mazkur tashkilot axborot xizmati ma’lum qildi.
Unda tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollariga urg‘u berdi. Xususan, jamiyatning so‘nggi yillarda moliyaviy natijalarga erishishi, transformatsiya jarayonlari hamda korporativ boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbatda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va raqamli boshqaruv yechimlarini joriy qilish masalalari ham batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, unda “Standard Chartered Bank”ning moliyalashtirish bitimi va yevroobligatsiyalar chiqarish jarayonida qo‘shma yetakchi tashkilotchi sifatidagi roli alohida ta’kidlandi.
Tomonlar hamkorlikni kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida baholab, kompaniyani ikki tomonlama va qayta tiklanadigan (revolving) kredit liniyalari orqali moliyalashtirish hajmini oshirish, investitsiya loyihalari hamda import shartnomalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, qarz portfelini optimallashtirish yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Qayd etilganidek, joriy yilda qarz mablag‘lari qiymatini kamaytirish va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarini jalb qilish kompaniyaning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va yangi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA