Neft-gaz sohasi uchun istiqbolli kadrlar
Poytaxtimizda «Xalqaro kompaniyalarda milliy kadrlarni tayyorlash va rivojlantirish» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda «Xalqaro kompaniyalarda milliy kadrlarni tayyorlash va rivojlantirish» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda kadrlar tayyorlash borasidagi zamonaviy uslub va texnologiyalar, shuningdek, O‘zbekistonda neft-gaz sohasi uchun yuqori malakali mutaxassis va muhandis-texnik xodimlarni tayyorlash istiqbollari muhokama etildi.Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filiali tomonidan tashkil etildi.
Konferensiyada neft-gaz, energetika, qurilish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalari mutaxassislari, mamlakatimiz va xorijning yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, mobil aloqa operatorlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Karimov, «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari U.Saidov, «Lukoyl» kompaniyasi departamenti boshlig‘i Yu.Pixtovnikov va boshqalar O‘zbekistonda mustaqillik yillarida barkamol avlod tarbiyasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish jarayonida uzluksiz ta’limning noyob tizimi yaratildi, jumladan, neft-gaz sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad yetuk kadrlar tayyorlash borasida xalqaro kompaniyalar tajribasini o‘rganish, O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro kompaniyalarda milliy kadrlar tayyorlashni rivojlantirishning asosiy yondashuvlarini aniqlashdan iboratdir.
O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida zamonaviy kasblarni egallagan mutaxassislar tayyorlanayotgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda «Lukoyl O‘zbekiston Opereyting Kompani» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 1 ming 800 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Ularning qariyb 90 foizini mamlakatimiz mutaxassislari tashkil etadi va bu ularning yuqori malaka va salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Konferensiya doirasida «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi va «Lukoyl» kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda mazkur soha uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi.