Bugun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan yoshlar anjumanida aynan shu mavzu doirasida fikr almashildi.
Bugun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan yoshlar anjumanida aynan shu mavzu doirasida fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani“ MCHJ hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda tarmoqda energiya tejamkorligi va samaradorligiga erishish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar sarhisobi, yangiliklar va xalqaro tajribalarga e’tibor qaratildi.
– Davlatimiz rahbarining “ Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori bu boradagi ishlar rivojida muhim davrni boshlab berdi, – dedi Energetika vazirligi energiya samaradorligi departamenti bosh mutaxassisi Mirzoferuz Nigmatov. — Unga ko‘ra, mamlakatimizda bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, energiya sarfi yuqori bo‘lgan 30 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari xamda yirik sanoat korxonalari shakllantirildi. Bunda aynan ularda energiya samaradorligiga erishish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashga asosiy urg‘u beriladi. Shuningdek, 2020-2022 yillarda 2,4 milliard kub metr gaz, 3,3 milliard kilovatt soat elektr energiya, 21,1 ming tonna neft mahsulotlarini tejash ko‘zda tutilgan. Bunda ekologik va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish borasida mingdan ortiq tadbirlar amalga oshiriladi. Masalan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlangan bo‘lib, ular 2021 yilda ishga tushiriladi. bugungi kunda hududlarda ikki ming quyosh batareyasi va ikki mingta quyosh panellarining o‘rnatilishi ham energiya samaradorligiga erishish yo‘lidagi ezgu ishlardan. Ayni chog‘da vazirlik xodimlari, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft-gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari va “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani“ MCHJning faol yoshlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mavzu doirasida qizg‘in munozaralarning asosiy maqsadi ham o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Anjumanda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft-gaz universitetining Toshkent shahridagi filialining olti nafar talabasi qatnashmoqda. Chunki ushbu filial Energetika vazirligi qoshida faoliyat ko‘rsatadi va u O‘zbekneftgaz“ AJ va “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani“ MCHJga mutaxassislar yetishtirib beradi. Shu bois, bu ikki tashkilot vasiylik kengashi xam hisoblanadi.
– Bu kabi tadbirga birinchi bor qatnashdim. Unda o‘tkazilgan taqdimot, trening va interfaol o‘quvlarda bilimimizni yanada boyitdik. Men ushbu filialining gazni qidirish yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi kurs talabasiman. O‘qishni tugatib, “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani“ MCHJda mehnat faoliyatimni boshlayman, – dedi anjuman ishtirokchisi Sardor Husanov.
Nasiba ZIYODULLAEVA O‘zA