Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ne hayrat ko‘zi, balki ibrat ko‘zi...
15:18 / 2024-02-13

Alisher Navoiy asarlari – milliy ma’naviyatimizning eng mo‘’tabar durdonalari yanglig‘ g‘oyat aziz va qadrli. Ulardagi purma’no g‘oyalar kishilarni mukammal inson bo‘lishga undab kelaveradi.

Milliy ma’naviyatni ushbu ulug‘ mutafakkir ijodisiz tasavvur qilish ham, rivojlantirish ham, takomillashtirish ham – amri mahol. Uning asarlarida har taraflama takomilga erishgan insonni tarbiyalash alohida o‘rin tutadi. 

Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar boshiga o‘lim xanjari kelishi bilan ajal yelidan bir oh tortadi, onasidan yiroqda bo‘lgan farzand unga noma yozadi: 

Ey Ona, qancha ishlarni bajardim, ko‘p narsalarning egasi bo‘ldim, endi o‘limim oldidan bularning hammasi xom xayol ekanligini bilib qoldim. Endi bilsam, farzandlik burchimni ado etmagan ekanman. 

Demon qilsam erdi o‘g‘ulluq sanga 
Qabul aylasam erdi qulluq sanga. 

Sanga aylabon xoki dargohliq 
Aning otin etsam edi shohliq. 

Farzand uchun ota-ona oldidagi burchni bajarish lozimligini uqtirish bilan Navoiy mana shu epizoddan boshlab Iskandarning komil inson sifatida talqin eta boradi. 

Shu bobda Iskandarning vasiyati ham berilgan: Ey Ona, o‘limimga sabr eta olmasang butun yurtga osh bergin va aytginki, bu oshdan hech kimi o‘lmaganlar tatib ko‘rsin deydi. 

Bu epizod orqali Iskandar onasi qalbiga dalda beradi, uni g‘am yemaslikka undaydi. Navoiy voqeani davom ettirib, Iskandar orqali yana komillikni targ‘ib eta boradi. 

Bu Iskandarning o‘limi oldidan qilgan vasiyati orqali bayon etilgan: 

Chiqoring bir iligimni tobutdin 

Hamul nav’kim rishta yoqutdin. 

Iskandar aytadiki, qabrga olib borayotganda bir qo‘limni tobutning yonidan chiqarib qo‘yinglar, kishilar tobutga nazar solar ekanlar, ibrat yuzasidan shu qo‘lga qarasinlar. Odamlar bilsinlarki, shuncha mol-mulkning egasi bo‘lgan inson ham bu dunyodan bo‘m-bo‘sh qo‘l bilan bu jahondan ketmoqda. Kimki mol-mulkni havas qilsa, unga ana shu qo‘l yetarli tajriba bo‘lsin, deyiladi: 

Ki el solib ul sori hayrat ko‘zi, 

Ne hayrat ko‘zi, balki ibrat ko‘zi. 

Albatta, shoir buni birinchi galda o‘z zamonasi kishilari uchun o‘git sifatida bitgan. Inson bu dunyoga mol va davlat, qorin dardi bilan chegaralanib qolmasligi undan ham yuqoriroq turadigan ilm, ma’rifat bilan sharaf topishini uqtirgan va targ‘ib etgan. Biroq davrlar o‘tgani bilan bu dono fikrlarning ahamiyati aslo yo‘qolmaydi. Bugungi kishilar ham bundan xulosa chiqarishi lozim. 

Dildora G‘afforova, 

Buxoro shahridagi 28-umumta’lim maktabi 

ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi