Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ndrangeta” mafiya sindikatining 100 dan ziyod a’zosi hibsga olindi
19:03 / 2023-05-03

Bi-bi-si xabar berishicha, chorshanba kuni ertalab Yevropaning bir qator mamlakatlari hamda Braziliya va Panama politsiyasi Italiyaning "Ndrangeta" mafiya sindikati a’zolarini hibsga olgan.

“Evrika” deb nom berilgan ushbu xalqaro amaliyotni Germaniya boshqargan. Uni amalga oshirish uchun tergov ishlari to‘rt yil davomida o‘ta maxfiy tarzda olib borilgan. Amaliyot davomida kokain kontrabandasi, pul yuvish va soliq jinoyatlarida gumonlangan ikki yuzga yaqin shaxs qo‘lga olingan.  

Qamoqqa olinganlarning katta qismi (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 108 kishi) Italiyaning San-Luka shaharchasida ushlangan. Mazkur shaharchada sindikatning eng katta klanlaridan biri yashab keladi. Yana  15 tasi Genuyada qo‘lga olingan.  

O‘n kishi Germaniyada ushlangan. Politsiya ma’lumotida aytilishicha,  "Ndrangeta" bu yerni  pul yuvish uchun yirik markazga aylantirgan. Qamoqqa olishlar Yevropaning boshqa shaharlarida ham amalga oshirilgan.  

“Evrika” amaliyotida Italiya, Belgiya, Fransiya, Ispaniya, Ruminiya, Braziliya va  Panama hukumatlari hamda Yevropol agentlari ishtirok etdi, deyiladi xabarda.  

“Ndrangeta” – Italiyadagi yirik uyushgan jinoyatchilik guruhi hisoblanib, uning markazi Kalabriya provinsiyasida joylashgan. Ushbu guruh Sitsiliyada “Koza Nostra” yoki Neapolda “Kamorra” jinoiy guruhlari kabi mashhur emas. Shunday bo‘lsada, “Ndrangeta” ham dunyodagi eng qudratli jinoiy tashkilot hisoblanadi.  

Tashkilot faoliyati Yevropaning katta qismini qamrab olgan va AQSH, Meksika hamda Lotin Amerikasi mamlakatlariga allaqachon tarqalib ulgurgan.