Yo‘l-yo‘lakay
Bozorlar ozoda va ko‘rkam bo‘lsa, bundan sotuvchilar ham, xaridorlar ham mamnun bo‘ladi. Olgan mahsulotiga rozi bo‘lib ketadi. Ammo Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani markazidagi oziq-ovqat dehqon bozori haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Tumanda xizmat safari bilan yurarkanmiz, yo‘l-yo‘lakay bozor oldidan ham o‘tdik. Muxbir ekanimizni bilgan aholi vakillari bozor orqasidagi chiqindi to‘planadigan joyning ayanchli ahvoli haqida aytib qoldi.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman markazidagi ushbu bozor “Istiqlol oziq-ovqat dehqon bozori” deb yuritiladi. Uning orqasidagi chiqindi to‘planadigan joy yondosh Bunyodkor mahallasidagi Amir Temur yopiq ko‘chasida joylashgan. Chiqindi to‘planadigan joyning antisanitariya holati ko‘cha bo‘ylab joylashgan aholi vakillari uchun, ayniqsa, yoz oylarida juda noqulaylik tug‘dirmoqda. Aholi vakillari bilan suhbatlasharkanmiz, quyidagilarni ma’lum qildi.
– Uch-to‘rt kunda olib ketishadi, ungacha chiqindi uyumi yig‘ilib ketadi, qo‘lansa hid tarqatadi, – deydi shu yerda yashovchi Ismigul Elmatova. – Uyimizga mehmon chaqira olmaymiz. Hidiga turib bo‘lmaydi. Oshxonalar ham yuvindisini shu yerga to‘kishadi. Har bir bozorning o‘z konteyneri bo‘lsin.
– Mana shu yerda savdo qilaman, – deydi Gulchehra Qosimova. – Chiqindixona ilgari yaxshi edi. Orqadan mahalliy boylar yangi bozor ochishgan. Ular ham chiqindisini shu yerga olib keladi. Nafas olish juda qiyin.
– Yonimizda dehqon bozori joylashgan. Oramizda qisqagina ko‘cha bor. Mana shu yerda bozorning chiqindixonasi tashkil qilingan. Chiqindixona achinarli ahvolda. Sababi bitta bu bozor emas. atrofdagi qo‘shimcha shaxsiy bozorlar, oshxonalardan chiqindilarni olib kelib to‘kishadi, – deydi Abdurauf O‘rinov. – Yuvindisi darvozamizning oldigacha oqadi. Ayniqsa, yoz kunlarida hidiga umuman turib bo‘lmaydi. Chivin, pashsha ko‘payib ketadi. Yuqumli kasalliklar chiqib ketishiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shu mahallalarda tug‘ilganimdan buyon yashayman. Yoshim 60 ga yaqinlashdi. Chiqindixona tashkil qilinganiga ham o‘n yillar bo‘ldi, lekin ilgari bu ahvolda emasdi. Bu ahvolga kelganiga bir- ikki yil bo‘ldi. Biz ko‘p murojaat qildik. Tuman hokimligiga, SESga, Ekologiyaga ham murojaat qilganmiz, lekin yechim bo‘lmayapti. Iltimosimiz, shu chiqindixonani boshqa joyga ko‘chirishsin. Biz aziyat chekyapmiz, axir.
Aholining yozg‘irganicha bor. Biz borgan paytda chiqindini olib chiqib ketishgan ekan, lekin shunday bo‘lsada, undan tarqalayotgan hidga turib bo‘lmaydi.
Surishtiruvni davom ettirib, bozor ma’muriyatini chaqirtirdik va ularning ham fikrlarini tinglab ko‘rdik.
– Bozorning bizga tegishli qismi 80 sotix va bu chiqindi to‘planadigan joy haqiqatda bizga qarashli, – deydi “Istiqlol oziq-ovqat bozori” MCHJ bosh nazoratchisi Sherzod Eshmurodov. – Qolgan ikki gektari boshqa tadbirkorlarga o‘tib ketgan. Ular ham bozor tashkil qilgan va chiqindisini shu yerga olib kelib to‘kishadi. U bozordan davlatga soliq ham, chek ham to‘lanmaydi. Ularga chiqindi konteyneri qo‘yib berilishini so‘raymiz. O‘zimizning chiqindimizni o‘zimiz tartibga solamiz. Boshqa e’tirozimiz yo‘q. Bu musorxonaning qurilganiga 10 yil bo‘lyapti. Ikki yildan buyon yangi bozor tashkil qilingani hisobiga shu ahvolga kelib qolyapti. Aholining murojaatiga kelsak, ko‘pchiligi darvozasining oldidan do‘kon ochib olgan. Yo‘lakda savdo qiladi. Shundoq ham tor ko‘chani battar tirband qiladi. Mana ichkarida rastalarimiz bor. O‘sha yerga kirib savdo qil, desang kirmaydi. “Toza hudud” bilan shartnomamiz bor. Faqat bozor kuni ishlamaydi. Qolgan kunlar tozalab ketadi.
Boshqa joylardan kelib chiqindi tashlayotgan bo‘lsa, kamera o‘rnatib, nega ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rmaysiz, so‘raymiz mas’uldan.
– Kamera ham o‘rnatib ko‘rdik, – deydi bozor mas’uli. – Lekin kameralarimizni o‘sha bozor vakillari uzib ketishadi. Hech kim qiziqmayapti, ularni tartibga solib bo‘lmayapti. Chiqindi bilan qiziqayotganimizni eshitgan shekilli, tuman “Toza hudud” tashkilotidan ham vakillar kelib qolishdi. Ularning fikrlari bilan qiziqdik. Ushbu chiqindi to‘plash joyi necha kunda tozalanadi, boshqa joyga ko‘chirishning imkoni yo‘qmi, kabi savollar bilan murojaat qildik.
– Kelishilgan holda haftasiga 4 marta tozalaymiz, – deydi “Toza hudud” DUK tashkiloti mas’uli Doniyor Bozorov. – “Istiqlol” bozori bilan shartnomamiz bor. Mas’uliyat bozorda, biz faqat tozalab ketamiz. Kameral nazorati bor deyishgan. Nazorati vazifamizga kirmaydi. To‘lsa, bozor ma’muriyati xabar qiladi, shunga ko‘ra tashib ketamiz. Agar joy topib mana shu joyga qo‘yib beringlar, desa, biz qo‘shimcha konteyner qo‘yib berishimiz mumkin. Hozirgi turgan joyiga ham har doim kira olmaymiz. Ertalab kelsangiz, mashinalar tirband bo‘ladi. Olishga qiynalamiz. Aylanadigan joyi yo‘q.
Xo‘sh, bu masalaga ekologiya xodimlari nima deydi.
– Dehqon bozoridagi chiqindi to‘planadigan joy bozorga qarashli va o‘zlari mas’ul, – deydi Yakkabog‘ tuman ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i Yashnar Jumayev. – Bozorning kengayishi, qo‘shimcha savdo rastalarining ko‘payishi hisobiga chiqindilar biroz ko‘paygan. Shunday bo‘lsa ham oldinroq o‘rganib qo‘shimcha chiqindi konteynerlari o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berganmiz. Aholining salomatligiga ta’sir ko‘rsatadigan darajada bo‘lsa, buni o‘rganib chiqib, tegishli choralar ko‘ramiz. Lekin shu kungacha, chiqindi bo‘yicha murojaat tushmagan. Mas’ul xodimlarimiz ishlayapti.
[gallery-25584]
Xullas, bozor ma’muriyati noqonuniy bozor va savdo rastalari ko‘payayotgani hisobiga ahvol shu holatga kelgan desa, ekologiya, SES kabi tashkilotlar chiqindi to‘planadigan joy bozorga qarashliligini aytib, vakolatiga kirmasligini ta’kidlaydi. “Toza hudud” esa chiqindilarni vaqtida olib ketayotganini iddao qiladi. Ammo muammo hamon muammoligicha qolmoqda. Chiqindixonaga yaqin yashaydigan aholi uning qo‘lansa hidida yashashga majbur bo‘lmoqda.
Nahotki, 2 gektarlik maydonda bitta noqonuniy bozor tashkil qilinadiyu tuman rahbarlarining bundan xabari bo‘lmaydi. Ularning nega “jim” turgani ajablanarli. O‘ylaymizki, mas’ullar ushbu masalaga e’tibor qaratadi va muammoni bartaraf etadi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA