Farg‘ona viloyati Rishton tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, “Ch.P.” xususiy korxonasiga tegishli noturar ob’ektga o‘rnatilgan elektr hisoblagich almashtirilgan va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Hisob-qitoblarga ko‘ra, ushbu holat tufayli tizimga 301,6 million so‘mlik zarar keltirilgan.
Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Samarqand viloyati Jomboy tumanida ham elektr energiyasi o‘g‘rincha ishlatilgani aniqlandi. Unga ko‘ra, “A.B.” va “M.Z.” fermer xo‘jaligi yer maydonlariga o‘rnatilgan suv nasoslari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab qo‘yilgan. Natijada 156,1 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Galdagi o‘g‘rilik Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani hududida fosh etildi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda “O.Z.” fermer xo‘jaligi suv nasoslariga o‘rnatilgan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, jami 62 million so‘mlik elektr energiyasi qonunga zid ravishda ishlatilgan.
Ayni kunlarda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA