Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida faoliyat yuritayotgan 60 ta oilaviy xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotining faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. O‘rganishlar natijasida bolalar sog‘lig‘i va xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi holatlar aniqlandi.
Sanitariya-epidemiologik talablar qo‘pol ravishda buzilgan 10 ta bog‘cha tekshiruv doirasiga kiritilib, ularning 8 tasida belgilangan me’yorlarga rioya etilmagani uchun 19 million 125 ming so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Tekshiruv davomida 5 ta bog‘chada ertalabki tibbiy filtr amaliyoti umuman tashkil etilmagani, 7 tasida profilaktik dezinfeksiya ishlari o‘tkazilmagani, 2 ta bog‘chada bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi, 4 tasida esa bolalarga berilayotgan taomlardan kunlik sinama namunalari olinmagani kabi jiddiy kamchilik va muammolar aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi loqaydlik va nazoratsizlik holatlari farzandlarimizning jismoniy sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ovqatlanish, gigiyena va tibbiy kuzatuv bilan bog‘liq bunday qo‘pol qonunbuzilishlar nafaqat epidemiologik vaziyatning yomonlashishiga, balki yuqumli kasalliklar tarqalishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Yuqoridagi holatlar sababli tumandagi 2 ta xususiy bog‘chaning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu esa maktabgacha ta’lim sohasida nazorat mexanizmi va amaliyot o‘rtasida jiddiy tafovut mavjudligini yana bir bor namoyon etdi.

Shu kungacha sanitariya-epidemiologiya sohasi mutaxassislari tomonidan xususiy bog‘chalar rahbarlari uchun bir necha marta o‘quv seminarlari tashkil etilgan bo‘lsa-da, amaliy ijro holati hanuz qoniqarsizligicha qolmoqda. Bu esa ushbu tashkilotlarning mas’uliyati yetarli emasligini va nazorat tizimini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
O‘rganish natijalari yuzasidan barcha nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ogohlantirishlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri