Joylarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJ Boshqaruvi tomonidan tezkor ishchi guruhlar shakllantirilib, nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati Kogon tumanida gaz ta’minoti komplayens nazorat tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatini aniqladi. Tumanning “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “B.B.” MJCHga qarashli issiqxonada gaz hisoblagichidan tashqari yer osti quvuri orqali aholi uchun mo‘ljallangan gaz quvuriga yashirincha ulanib, tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi. Natijada 8,85 milliard so‘mlik zarar keltirilgani aniqlandi.


Mazkur jarayon bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga topshiriladi.
Ishchi guruhi o‘rganishlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.