O‘zbekiston sharoitida qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydigan chiqindilarning chiqindixonada ajratilmasligi yoki to‘liq ajratish imkoniyati mavjud emasligi muammolardan biridir. Dunyo miqyosida chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biriga aylanib borayotgan bir vaqtda mazkur muammoga e’tiborsiz qaraydiganlar ham yo‘q emas.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatlarda ekologiyani yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish hamda o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishni ta’minlashga doir o‘rganishlar olib borilmoqda. Jumladan, vazirlik huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat Ekologiya boshqarmasi, IIB va soliq organlari mas’ullari tomonidan Xorazm viloyatida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida Xiva shahrida joylashgan Dehqon bozori hududida belgilanmagan joyga chiqindi tashlash va noqonuniy chiqindixona tashkil etish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Shuningdek, “Xiva shahri Dehqon bozori” AJ ma’muriyati tomonidan bozor hududida chiqindi to‘plash maydonchasi va maxsus chiqindi qutilari o‘rnatilmagani kuzatildi. Holat yuzasidan mansabdor shaxs bozor rahbari D.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91¹-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Sud organlariga yuborildi.
Shu bilan birga, ushbu dehqon bozori hududi “Eko klaster” MCHJ sanitar korxonasiga biriktirilgan bo‘lib, bozor ma’muriyati va ular o‘rtasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma mavjudligi, biroq ma’muriyat MCHJdan 5 million so‘m miqdorida qarzdor ekani ma’lum bo‘ldi. Bozor mutasaddilari esa bu qarzdorlik bartaraf etilishini ta’kidladi va bozor hududida chiqindi qutilari o‘rnatildi.
Jarayonda Xiva shahri Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan bozorda faoliyat olib borayotgan sotuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus chiqindi qutilarining majburiy ravishda o‘rnatilishi lozimligi bo‘yicha tushuntirish berildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, poligonlarga joylashtirilishi kerak bo‘lgan maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash mansabdor shaxslar uchun BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (7 mln 500 ming so‘mdan 11 mln 250 ming so‘m) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Ushbu holat bir yil davomida qayta sodir etilsa, BHMning 30-50 baravari miqdorida jarima belgilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA