Andijonda nazorat organlari xodimlari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2025 yildan boshlab nazorat qiluvchi organlarning tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega xodimlari har ikki yilda Biznes-ombudsman tomonidan tashkil etiladigan o‘quv kurslarida malaka oshirishi belgilangan.

Mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Biznes-ombudsman devoni tomonidan nazorat qiluvchi organlar xodimlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kursida viloyatdagi 14 ta nazorat organining tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega 350 nafarga yaqin xodimi ishtirok etdi.

Malaka oshirish kursi mashg‘ulotlarida mutaxassislar tomonidan nazorat organlari xodimlariga tekshirish jarayoni bilan bog‘liq qonun talablari, muhim qoida va tartib-taomillar haqida keng ma’lumotlar berildi. Xususan, tekshirishda qatnashuvchilarning huquq va majburiyatlari, tekshirish o‘tkazishda vakolatli organni xabardor qilish tartibi, tekshiruvlarni amalga oshirish, ularning borishini monitoring qilish va jamoatchilik nazoratini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Malaka oshirish kursi yakuni bo‘yicha onlayn test o‘tkazilib, tinglovchilarning olgan bilim va malakasi sinovdan o‘tkazildi. Onlayn-testda ishtirok etgan 348 nafar xodimdan 302 nafari ijobiy natija ko‘rsatdi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari