Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nazorat inspeksiyasi foliyatidan: Tadbirkorlar bilan uchrashuvlar davom etmoqda
12:52 / 2024-09-23

Mamlakatimizda 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish hamda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish maqsadi yo‘lida kompleks ijtimoiy-iqtisodiy choralar ko‘rilmoqda.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi islohotlar barcha sohalarni qamrab olgani, o‘zaro uyg‘un, kompleks yondashuv asosida olib borilayotgani ahamiyatlidir. Masalan, tadbirkorlik yo‘nalishini olaylik.

Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishni zamon talablari asosida rivojlantirish, qulay investitsiya va biznes muhitini yaratish maqsadida, avvalo, soha vakillariga kredit, soliq, bojxona kabi qator yo‘nalishlarda imtiyozlar berildi. «Tekshir-tekshir»larga moratoriy joriy qilindi, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish bilan bog‘liq byurokratik cheklovlar olib tashlandi.

Natijada ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz «tekshir-tekshirlar» sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolgan bo‘lsa, bugunga kunga kelib uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etgani holda, ular soni ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.

Joriy yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi. Yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi. Aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham – o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p bo‘ldi. Bular – keyingi tarixan juda qisqa, 6-7 yil uchun katta natija, albatta. Lekin bu ko‘rsatkichlarni faqatgina qulay tadbirkorlik muhiti bilan bog‘lash biroz xato bo‘ladi, nazarimda. Zero, bunday natijaga yuqorida aytib o‘tganimiz – tadbirkorlikni rivojlantirishga kompleks yondashuv orqali erishilmoqda.

Boshqacha aytganda, davlat ishbilarmonlar uchun qulay biznes muhiti yaratibgina qolmay, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularni zarur infratuzilma va mablag‘ bilan ta’minlash, mahsulot ishlab chiqarishning to‘liq zanjirini yo‘lga qo‘yishdan tortib, unga yangi bozorlar topish, eksport bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni tizimli hal etish choralarini ham ko‘rmoqda.

E’tiborli jihati, bunda Texnik jihatdan tartibga solish agentligining ham alohida vazifa va mas’uliyati bor. Tadbirkorlik faoliyati rivojida eksport qanchalar muhim o‘rin egallasa, uni amalga oshirishda agentlik vazifasi ham bojxona, logistika kabi yo‘nalishlardagidan kam emas. Ya’ni, eksport jarayoni bilan bog‘liq xalqaro talab va standartlarga muvofiqlik masalasi aynan agentligimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois ham mamlakatimizda agentlik faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Xususan, shu yilning 26 fevral kuni Prezidentimiz tanishgan texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimotida soha rivojiga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Avvalo, mamlakatimizda standartlashtirish sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021 yil iyundagi «Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi negizida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilganini ta’kidlash o‘rinli.

Sohani zamon talablariga mos isloh qilish maqsadida ko‘rilgan bu kabi choralar natijasida keyingi yillarda 12 mingta standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulotni sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 40 ta yangi eksport bozoriga chiqildi.

Shu bilan birga, oxirgi yetti yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshib, 63 milliard dollarga yetdi. Bu yil ham eksportni 1,5 barobarga ko‘paytirib, 25 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsad qilingan.

Umuman olganda, aholini sifatli va xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlashda davlat nazoratini ta’minlash ham agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlar bilan doimiy muloqot o‘tkazib kelinmoqda.  

O‘rganishlar jarayonida aniqlangan muammolarni hal etish choralari ko‘rilayotgani barobarida, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Namangan viloyatidagi «Ideal tekstil orzu» hamda «Santex dizayn» MCHJ korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish asnosida tadbirkorlarga ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni eksport qilish yuzasidan sohaga doir taklif va tavsiyalar berildi.

Buxoro viloyatiga xizmat safarimiz doirasida «Emirate Steyel» va «Zarhal Grup» MCHJlari faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish yuzasidan ishlarni tashkil etish, korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, laboratoriyalar imkoniyatlari, mahsulot sifati va uni ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ishlab chiqaruvchilarimiz texnik jihatdan tartibga solish sohasi, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida yangi qabul qilingan qonun, qarorlar va texnik reglamentlar talablari bilan tanishtirildi.

Profilaktika tadbirlari doirasida Samarqand shahrida joylashgan gilam mahsuloti uchun sun’iy ip va gazon ishlab chiqaruvchi «Samarkand Euro Asia Textile» va Jomboy tumanida qadoqlangan suv ishlab chiqaruvchi «Hydrolife Bottlers» korxonalarida ham bo‘lib, ularga mahsulotini eksport qilishda xorijiy davlatlar tomonidan qo‘yilgan talablarni tushuntirdik.  

Shuningdek, tadbirkorlarimizni texnik reglamentlarni qabul qilish va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni bilan ham tanishtirdik, taklif va tavsiyalar berdik.

Xuddi shunday, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi «Komfort Mebel» MCHJ va «Termiz xalqaro savdo markazi»da faoliyat olib borayotgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishda xorijiy davlatlar tomonidan qo‘yilgan talablar tushuntirildi. Ular bildirgan taklif va tavsiyalar, muammoli masalalar yuzasidan soha mas’ullariga topshiriqlar berildi.

Azamat ABDURAHMONOV,

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i