Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nazorat bor joyda kasallik cheklanadi
12:38 / 2026-01-28

Sanitariya-epidemiologik nazoratning kuchaytirilishi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishda muhim omil hisoblanadi. Shu yo‘nalishda Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida sanitariya-epidemiologiya sohasi xodimlari tomonidan olib borilgan tizimli sanitariya-profilaktik nazorat tadbirlari natijasida yuqumli va parazitar kasalliklar ko‘rsatkichlarining pasayishi qayd etildi.

Soha xodimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda tumanda jami 1139 ta yuqumli va parazitar kasallik holati aniqlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan 2024 yilga nisbatan kamaygan. Mutaxassislar bunday ijobiy dinamikani tasodifiy holat emas, balki sanitariya nazoratining barcha bo‘g‘inlarda kuchaytirilgani hamda profilaktika ishlarining tizimli yo‘lga qo‘yilgani natijasi sifatida baholamoqda.

— Nazorat deganda faqat tekshiruvni emas, balki kasallikka olib keluvchi omillarni oldindan aniqlash, xavfli holatlarni bartaraf etish va aholini ogohlantirishni tushunamiz. Qachonki nazorat uzluksiz va aniq mexanizmga asoslangan bo‘lsa, kasallik tarqalishi tabiiy ravishda cheklanadi, — deydi tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i Komiljon Tagayev.

Nazorat samarasini aks ettiruvchi muhim ko‘rsatkichlardan biri hayvonlar tomonidan tishlash holatlarining kamayganidir. Xususan, 2025 yilda antirabik xizmatga murojaat qilganlar soni 129 nafarni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 taga kam. Bu holat aholi o‘rtasida olib borilgan profilaktik tushuntirish ishlari hamda xabardorlik darajasining oshgani bilan izohlanmoqda.

Virusli gepatit “A” kasalligining oldini olishda ham qat’iy nazorat va rejali yondashuv o‘z samarasini berdi. Joriy yilda 812 nafar bola ixtiyoriy ravishda emlanib, natijada ushbu kasallik bo‘yicha kasallanish holatlari bir yil ichida bir necha barobarga kamaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, erishilgan natijalar faqat emlash bilan cheklanib qolmay, balki ichimlik suvi sifati, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi hamda bolalar muassasalarida sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etilishi ustidan olib borilgan doimiy laboratoriya nazorati bilan ham bog‘liq.

Yil davomida tumanda 464 ta kasallik o‘chog‘ida, shuningdek, profilaktik maqsadlarda jami 26 ming 858 kvadrat metr maydonda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi. Barcha tadbirlar belgilangan sanitariya me’yorlari va talablariga qat’iy rioya etilgan holda tashkil etildi.

Parazitologik va bakteriologik laboratoriyalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi, havo muhiti hamda tibbiy muassasalarda sanitariya holati yuzasidan doimiy tahlil ishlari olib borildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilib, profilaktik tadbirlar yanada kuchaytirildi.

Mutaxassislar fikricha, sanitariya nazorati faqat mavjud holatga javob emas, balki kelajakka qaratilgan barqaror profilaktik investitsiya hisoblanadi. Nazorat bor joyda xavflar erta aniqlanadi, kasallik cheklanadi va jamiyat salomatligi barqaror saqlanadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri