Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nazm va navo” oyligi o‘tkazilmoqda
12:47 / 2021-02-04

Andijondagi umumta’lim maktablarida fevral – “Nazm va navo” oyligi, deb e’lon qilindi.

Oylik davomida buyuk ajdodlarimiz so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bag‘ishlangan adabiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar, mushoira va she’riyat kechalari o‘tkazilishi belgilandi.  

– Oylik doirasida viloyatdagi umumta’lim maktablarida yangicha g‘oyalar, madaniy dasturlar asosida targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, o‘quvchi yoshlar qalbida milliy qadriyatlarimizga, ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va ijodiga hurmat-ehtirom, ulardan faxrlanish hamda ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdir.  

Bundan tashqari, oylik davomida o‘quvchilar o‘rtasida insholar, rasmlar tanlovlari o‘tkaziladi. Shuningdek, xalq ta’limi boshqarmasining telegramm va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali mushoira, g‘azalxonlik bo‘yicha chellenjlar tashkil etiladi.  

Xo‘jaobod tumanidagi 28-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “G‘azalxonlik kechasi”da o‘quvchilar Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida keng ma’lumotlar oldi. Ijodkor o‘quvchilar tomonidan ulug‘ ijodkorlarning hayoti va faoliyatiga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, ularning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.

O‘quvchi yoshlarning adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan qiziqishi, ulug‘ allomalarga bo‘lgan hurmatini yuksaltirishga qaratilgan “Nazm va navo” kechalari viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tmoqda.  

F.UBAYDULLAEV, O‘zA