Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Nazm va navo” musiqiy kechasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir buyuk mutafakkirlar: Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga ehtirom ramzi sifatida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 30 avgustdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarorida xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’atini keng targ‘ib etish, uning o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarini yangi bosqichda rivojlantirish belgilangan.
Ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Maqom xonandaligi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda magistrantlari ishtirokida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag‘ishlangan “Nazm va Navo” kechasi hamda O‘zbekston xalq hofizi Erkin Ro‘zmatov sinf konserti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda ikki mutafakkirning betakror ijod namunalari, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal ma’lumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari yosh avlodni ona yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga kecha davomida Navoiy va Bobur asarlariga bastalangan maqom va ashulalar professor-o‘qituvchilar hamda magistrantlar tomonidan ijro etilib, ularning badiiy-falsafiy qarashlari musiqiy talqin orqali tomoshabinlarga yetkazildi.
Tadbirning badiiy qismida, mumtoz maqom va an’anaviy xonandalik namunalaridan iborat dastur namoyish etildi.
“Nazm va navo” kechasi bu nafaqat konsert, balki so‘z va ohang orqali tarixga, ma’naviyatga, milliy o‘zlikka sayohat, demakdir.
Tadbir yosh ijrochilarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, mumtoz san’atimizni keng targ‘ib qilish hamda ma’naviy merosga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, O‘zA