“Islom – tinchlik va ezgulik dini” xalqaro konferensiyasi ishtirokchisi Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi Nazir Muhammad Ayyod dunyo olimlari e’tiborida bo‘lgan ushbu nufuzli anjuman haqida fikrlarini bildirdi.
– Mazkur konferensiya tinchlik va ezgulik yo‘lidagi muhim anjumanlardan biri bo‘ldi, – dedi Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi Nazir Muhammad Ayyod.– Bu yurtda necha asrlardan beri Islom dini ravnaqiga hissa qo‘shgan buyuk allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Abu Mansur Moturidiy kabi zotlar yetishib chiqqan. Ular Islom olamida yorqin iz qoldirgan siymolardir. Ular qoldirgan meros islom haqiqatini ifodalagan.
Mazkur konferensiyaning ulamolar yurtida o‘tkazilishida ham chuqur ma’no bor. Islom dinining tinchlik va osoyishtalikni targ‘ib qilishi, bag‘rikenglikni ta’kidlashida ushbu yetuk ulamolarning alohida o‘rni bor.
Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar qadim tarixga borib taqaladi. Bugun bu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga urg‘u beradigan bo‘lsak, ushbu munosabatlarning mustahkam asoslarga barpo etilganini ko‘ramiz. Bu borada bir qancha yo‘nalishlarga e’tibor qaratmog‘imiz mumkin bo‘ladi.
Xususan, Misr davlati birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini e’tirof etib, o‘zining elchixonasini bu yurtda ochishga shoshilgani va 1994 yilda Misr zaminida O‘zbekiston elchixonasi ochilganini qayd etish darkor.
Keyingi yillarda ushbu ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar rivojlanganini ikki davlat rahbarlarining tashriflari orqali bilishimiz mumkin. 2018 yilda Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi janoblari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janoblari Misrga tashrif buyurdi. Bu tashriflar ikki tomonlama hamdo‘stlik aloqalarining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Men to‘xtalib o‘tmoqchi bo‘lgan yana bir jihat – O‘zbekistonda keng tarqalib, namoyon bo‘la boshlagan diniy-ma’rifiy sohadagi izchil o‘zgarishlardir. Bu islohotlar, ilmiy-intellektual harakat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosatda ochiq-oydin o‘z ifodasini topgan. Bu esa Islom sivilizatsiyasi merosini qadrlash, ilm-fan va ulamolarga ehtirom ko‘rsatish orqali o‘z ifodasini topadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur anjumanga tashrif o‘laroq O‘zbekiston Prezidenti bu tabarruk zaminda muhim islohotlarni olib borgani, xususan O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy, diniy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish, islom merosini boyitish, ulamolariga yuksak ehtirom ko‘rsatishi guvohi bo‘ldik.
N.Usmonova,
O‘zA