Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nazariy mashg‘ulotlar amaliyot bilan uyg‘unlashmoqda
13:53 / 2024-12-29

Prezident tashrifidan so‘ng

Bugungi kunda yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish eng asosiy masalalardan biridir. Buning uchun aholiga talab yuqori kasblarni o‘rgatish maqsadida texnikumlar tarmog‘i rivojlantirilmoqda.

Hozirda Navoiy viloyatida 25 ta professional ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularda 12 ming nafardan ziyod turli yoshdagi aholi vakillari kasb-hunar o‘rganmoqda. Ularga malakali pedagoglar, 250 nafarga yaqin ishlab chiqarish ustalari biriktirilgan.

Shunday professional ta’lim muassasalaridan biri Navbahor tumanidagi 2-son politexnikumidir. Ayni paytda texnikumda 651 nafar o‘quvchi 15 ta kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olmoqda. Ularning 293 nafarini bitiruvchilar tashkil etadi.  

– 2023-2024 o‘quv yilida muassasamizni 161 nafar o‘quvchi bitirib, ularning 81 nafarining bandligi ta’minlangan, – deydi texnikumning direktor o‘rinbosari Elyor Safarov. – 2025-2026 o‘quv yilida esa 570 nafar o‘quvchini qabul qilinishi rejalashtirilgan. Kelgusi yilda jami o‘quvchilarimizning 150 nafarini viloyatdagi ish beruvchi korxonalar tomonidan dual ta’lim shakli asosida o‘qitish, o‘quvchilarning amaliy mashg‘ulotlarini korxonalar tomonidan tashkil etilgan ishlab chiqarish sexlarida olib borish yo‘lga qo‘yiladi.  

Bu yerda o‘quvchilarning kasb egallashlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Jumladan, 41 ta o‘quv va laboratoriya xonasi, 350 o‘rinli faollar va sport zallari, 100 o‘rinli yotoqxona va oshxona o‘quvchilar ixtiyorida. Maktab bitiruvchilari va turli yoshdagi fuqarolar uchun kunduzgi, sirtqi, kechki va dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Eng muhimi, bu yerda kasblarni amaliyot bilan bog‘lashda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari bilan kelishuvlar mavjud. Jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan payvandlovchi va chilangar, “Navoiyazot” AJ kimyoviy texnologiya laboranti, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ elektr montajchi kasblariga yoshlarni maqsadli tayyorlamoqda. Buning uchun sanoat korxonalari texnikumda o‘z bo‘limlarini ochgan. O‘quvchilar bir vaqtning o‘zida ham kasb o‘rganadi va bajargan ishiga yarasha maosh oladi.

Ayni paytda bu yerda duradgorlik ustaxonasi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘l mehnati bilan milliy hunarmandchilik buyumlarini yasashga o‘rgatish o‘quv kurslari, shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan soha xodimlarining malakasini oshirish o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, tumandagi “Mengi Textile Group” va “Navbahor Qorajon” tekstil korxonalari bilan dual va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan. Xotin-qizlar yetarli ko‘nikmaga ega bo‘lgach, tikuvchilik sexlariga ishga qabul qilinadi.

– Men hozirda mazkur texnikumning 2-bosqichida tahsil olmoqdaman, – deydi Marjona Muhammadiyeva. – Texnikumimiz bir qator korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Amaliyotni tumanimizdagi tekstil korxonasida o‘tadim. Hozirda ta’lim olish bilan birga “Mengi Textile Group” korxonasida ishlayapman. Maosh olyapman. Ham o‘qib, ham ishlash menga yoqyapti. Oilamga, ota-onamga yordamim tegayotganidan xursandman.  

Bugungi kunda politexnikum rahbariyati tomonidan ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar ro‘yxatlari shakllantirilib, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Eng muhimi, bu kurslarni tamomlagan yoshlar sanoat korxonalariga ishga joylashtirilmoqda.

– Politexnikumimizda tashkil etilgan qisqa muddatli kurslarda tahsil olgan o‘quvchilarimiz viloyatimizdagi sanoat korxonalariga ishga joylashmoqda, – deydi E.Safarov. – Jumladan, “Navoiyazot” AJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Kimyoviy tahlil laboranti” kasbi bo‘yicha 9 nafar ishsiz bo‘lgan xotin-qizlarimiz, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Tokarik va payvandlovchi” kasblari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tugatgan 23 nafar yosh mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi.

– Men joriy yilning dekabr oyida payvandlovchi kasbi bo‘yicha kursni tugatdim, – deydi Boboyor A’zamov. – To‘g‘risi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidagi korxonalardan biriga ishga qabul qilinaman, deb kutmagan edim. Egallagan kasbim bo‘yicha Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidagi 2-gidrometallurgiya zavodiga ishga joylashdim. Hozirda zavodning tajribali ustalariga shogird qilib biriktirilganman. Ustozimdan kasbimning sir-asrorlarini o‘rgangan holda amaliyotga tatbiq etyapman. Kelgusida zo‘r payvandlovchi bo‘lib, zavod taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shishni xohlayman.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur texnikumda ham bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ishlar, ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishgan holda o‘z tavsiyalarini bergan edi.  

[gallery-21092]

Tashrifdan so‘ng Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Mexanika-muhandisligi va Energetika muhandisligi fakultetlarining kafedra mudirlari politexnikumda bo‘lib, bu yerda o‘qitiladigan fanlarning o‘quv rejalarini universitet professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda tayyorlash, hamkorlikda esa darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar chop etish masalalarini muhokama etishdi. Shuningdek, o‘quvchi yoshlar uchun 12 soatlik ma’ruza dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun universitet-texnikum hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi. Bundan tashqari, respublikamizning barcha viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarma boshliqlari va professional ta’lim muassasalari direktorlari ham texnikumda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlarni yaqindan o‘rgandi va tajriba almashishdi.  

Ayni paytda mahallalar bilan birgalikda ishsiz fuqarolar, malakasi yetarli bo‘lmagan, ishlash istagidagi ayollar ham o‘qishga jalb etilmoqda. Kasblarni yaxshi egallaganlar korxonalarga ishga joylashtiriladi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari