Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nazarbek qo‘rg‘onidagi yo‘l o‘tkazgich – yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi
13:20 / 2023-06-10

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, sektor rahbarlari, mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tuman faollari qatnashdi. Ta’kidlanganidek, belgilangan reja-grafikka ko‘ra, ko‘prikning foydalanishga topshirish muddati shu yil noyabr oyiga mo‘ljallangan edi. Davlatimiz rahbarining alohida e’tibori, hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan loyiha muddatidan qariyb 6 oy avval qurib bitkazildi.

Nazarbek shaharchasidagi 9 ta mahallada 32 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularni bir necha yildan buyon qiynayotgan muammo esa ushbu hududdan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil yo‘li kesishmasining vaqti-vaqti bilan yopilib turishi edi. Ma’lumki, 4R253 avtomobil yo‘li bilan kesishgan temir yo‘ldan har kuni yuk poyezdlari o‘tib turadi. Poyezd qatnovi tufayli avtomobil yo‘li yopiladi, yo‘llar to‘siladi. Ba’zida teplovoz yo‘lni almashtirib olishi uchun qariyb 10 daqiqagacha to‘sib qo‘yiladi. Ayniqsa, ertalab va kechqurun yo‘lning yopilishi natijasida Toshkent shahriga ishga kelayotgan va ishdan qaytayotgan aholining avtotransportlaridan iborat ulkan tirbandlik hosil bo‘ladi.

Hudud aholisidan tushgan ko‘plab murojaatlar natijasida Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Toshkent shahri – Turkiston Sh/X – Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 3 kilometridagi temir yo‘l ustidan yo‘l o‘tkazgich qurish” loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu temir yo‘l va avtomobil kesishmasida yangi yo‘l o‘tkazgichni temir yo‘l ostidan tunel shaklida o‘tkazish loyihasi bir oz murakkab, lekin, natijasi samarali bo‘ldi.

Mazkur ko‘prikning uzunligi 940 metrni, eni 20 metrni tashkil etib, ob’ektning umumiy qurilish-montaj ishlariga 113 milliard so‘m ajratilgan. Ushbu yirik loyihaning dastlabki qurilish ishlari 2021 yilning so‘nggi oylarida boshlangan edi. Tajribali mutaxassislar qurilishning har bir jihatini puxta o‘rganib, zamonaviy texnikalarda ishlar bajarildi. Mustahkam temir-beton poydevorlari bosqichma-bosqich tayyorlandi. Yer osti yo‘l o‘tkazgichining poydevorlarida qurilish ishlari 100 dan ortiq tajribali mutaxassislar tomonidan 20 dan ziyod zamonaviy texnikalar jalb etilgan holda  olib borildi.

Ob’ektning tunel qismida poydevor qazish ishlaridan so‘ng, betonlandi. 94 dona temir-beton bloklari montaj qilinib, poydevor qismi bilan biriktirish ishlari olib borildi. 12 ta kartada kotlovanlarni qayta ko‘mish ishlari amalga oshirildi. Endilikda zamonaviy ko‘prik mahalliy aholi va mehmonlarning ancha vaqtini tejaydi. Qolaversa, avtoulovlar tirbandligi bartaraf etiladi.

A.Musayev,O‘zA.