Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Navro‘zning ifori o‘zgacha bo‘ladi
12:26 / 2025-03-18

Yangiyo‘l tumanida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida keng nishonlangan bahor ayyomi minglab aholini jamladi. Mazkur bayram arafasida hudud obodonlashtirilib, atrofda keng ko‘lamli turli nihollar ekish ishlari tashkil qilindi.

Aslida yangiyo‘lliklar mehnatkashligi bilan ajralib turadi. Shu sababli har yili ko‘klam nafasi kirib keldi, deguncha barcha mahalla, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalari yanada obod bo‘ladi. Turar joy mavzelari va ko‘chalar atrofiga mevali-manzarali nihollar va gul ko‘chatlari ekish, daraxtlarni oqlash va shakl berish ishlari amalga oshirildi. 

Shunday sa’y-harakatlar o‘z navbatida Navro‘z bayrami xalqimizning olijanob orzularini ifoda etib, yillar o‘tgani sari yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lmoqda. Odamlarni ahillikka chorlab, ezgu ishlar qilish uchun birlashtirmoqda. 

Tuman markazi sayil munosabati bilan “Navro‘zi olam muborak!”, “Xush kelding yurtimga, Navro‘z!”, “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” kabi shiorlar, bahoriy gullar bilan bezatildi. Asosiy maydon atrofiga barcha viloyatlar madaniyatini aks ettiruvchi o‘tovlar tikildi. Doshqozonlarda milliy taomlardan sumalak, palov tayyorlandi. Shu bilan birga, ko‘k somsa, chuchvara va boshqa milliy taomlar tayyorlanib, barchaga tarqatildi. 

Tadbirda Yangiyo‘l tuman hokimi Odiljon Ataullayev, hudud faollari va faxriylar bilan birga barchani qutlab, samimiy tilaklarini bildirdi. Shu yerda aholi bilan samimiy suhbat qilindi. Bu yilgi sayilda xalq amaliy san’ati namunalari, xususan, milliy kiyimlar, milliy urf-odat va an’analardan mehmon kutish, non yopish, sumalak qaynatish, qizlarning qoshlariga o‘sma qo‘yishi, zirak taqish, gul sayli kabilarga alohida e’tibor qaratildi. Bolalar ijrosidagi xalq o‘yinlaridan kurash, arqon tortish, “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Arg‘imchoq”, varrak uchirish, chillak, beshtosh kabi milliy o‘yinlar ommalashtirildi. 

Tadbirda dor tomoshalari hamda havaskor guruhlarning chiqishlari namoyish etilib barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Mashhur san’atkorlar va badiiy jamoalarning konsert dasturi namoyish etildi. 

A.Musayev, O‘zA